Холдербай Усманович
Xoldor Vulqonning "Mayus chiroqlarning olmos chamani" nomli lirik she'rlar to'plami. Lotin imlosida

Самиздат: [Регистрация] [Найти] [Рейтинги] [Обсуждения] [Новинки] [Обзоры] [Помощь|Техвопросы]
Links
Кожевенное мастерство: сумки, ремни своими руками Юристы. Круглосуточно
 Ваша оценка:

  Xoldor Vulqon
  Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi
  
  
  
  Ma'yus chiroqlarning olmos chamani
  (She'rlar va tarjimalar)
  
  
  
  Xoldor Vulqon 1959 yili Oʻzbekistonning
  Andijon viloyatida tugʻilgan.
  Toshkent Milliy Universitetini tamomlagan.
   U 1975 yildan buyon badiiy ijod bilan shugʻillanadi.
  Shu kungacha u rus va oʻzbek tillarida
  toʻrtta she'riy toʻplam, qator hikoyalar,
  beshta povest va ikkita roman yozgan.
  Bundan tashqari, Xoldor Vulqon
  koʻplab yapon shoirlarining she'rlarini
  oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
  1999 yildan buyon Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
  Taqdir taqozosi bilan Kanadada yashaydi.
  Mukofot va unvonlari yoʻq.
  
  
  
  ****************************
  
  Kitob onam Muhtaramxon Jaloliddin qizining porloq hotirasiga bagʻishlanadi.
  
   ***************************
  
  
  
  Yillar uchib oʻtdi bamisoli oʻq,
  Gʻurbatda oqardi soch, soqol -murtim.
  Men seni bir zum ham unutganim yoʻq,
  Meni ham unutib yuborma, yurtim!
  
  
  X.V.
  
  
  *********************************
  
  
  
  
  Yonayotgan parashyut
  
  
  
  Quyosh endi togʻlar ortida tunar,
  Yetib boʻlmas uning ortidan quvlab.
  Ufqda bulutlarning paxtasi yonar,
  Yongʻin shu'lasidan qizardi suvlar.
  
  Ufqning uyi kuydi, kulbasi yondi,
  Xovuzlar - qirmizi boda toʻla jom.
  Kechki dalalarga ohista qoʻndi,
  Yonayotgan alvon parashyutda shom.
  
  
  
  03-07-2025.
  Tungi soat 10:49.
  Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
  
   Tongi sukunat
  
  
  
   Toptalgan bahaybat samo gulhani,
   Miltillaydi yulduz choʻgʻlari hamon.
   Oʻz nuriga oʻzi xorgʻin chulgʻanib,
   Oy suzar ohista magʻribga tomon.
  
   Gʻira shira zulmat, tong sahar payti,
   Osuda jimlikka tutaman quloq.
   Bugʻdoyzor tomonda qayta va qayta,
   Bedana xotinin qoʻyar qumtaloq.
  
  
  
   15/02/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
  
   Shamol xushtak chalar etikdoʻz kabi
  
  
  
   Qushlar janub tamon uchmay netadi,
   Telba kuz xaydasa, oʻzing oʻylagin.
   Xazonlarga toʻldi bogʻlar etagi,
   Oʻt - oʻlan yulqiydi shamol koʻylagin.
  
   Farrosh xazonlarni yoqadi, toʻplab,
   Sovrilib yellarga orzu, armoni.
   Uchar suv oʻrniga havoni xoʻplab,
   Osmon sahrosida qushlar karvoni.
  
   Faqat Haqqa ayon maqsad, matlabi,
   Ular uchar issiq oʻlkalar tomon.
   Oʻychan hushtak chalar etikdoʻz kabi,
   Dalalarda daydib zerikkan shamol.
  
  
  
   03/03/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
  
   Ma'yus chiroqlarning olmos chamani
  
  
  
   Xilvatda erinib xuradi itlar,
   Chor taraf oqarar oydinda sutdek.
   Qadam tovushimdan yulduzlar, titrab,
   Sohil suvlariga toʻkildi tutdek.
  
   Kuyganyor tomonda chinqirib, chorlar,
   Temir yoʻlning uchqur poʻlat samani.
   Zulmatli dala -dasht ortida porlar,
   Ma'yus chiroqlarning olmos chamani.
  
  
  
   17/06/2022. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Yulduzli osmon
  
  
  
   Gulxan lovullaydi, zulmatli dala,
   Uchqunlar chirsillab, uchar havoga.
   Yonarqurt cingari tovlangancha alar,
   Osmonu falakka boʻlar ravona.
  
   Yonar gʻoʻzapoya, shabba, xoru xas,
   Yolgʻizlik, sukunat, oydin halovat.
   Nazarimda goʻyo yulduzlarga emas,
   Gulxan uchquniga toʻldi samolar.
  
  
  
   01/02/2020.Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
  Dexqon
  (Ravshan Fayz hotirasiga)
  
  
  
  Keng dala ustida porlar toʻlin oy,
  Yoritar loypaxsa kulbalar tomin.
  Qoʻshrabot charchagan, uxlar hoynahoy,
  Chirildoq qoʻshigʻin tinglaydi Zomin.
  
  Yulduzlar churq etmas, koinot jimdir,
  Bogʻlar qaytaradi shamol shashtini.
  Qalam omochida tun boʻyi kimdir,
  Shudgorlaydi daftar, qogʻoz dashtini.
  
  
  
  04-07-2025.
  Kunduz soat 12:20.
  Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Tungi laylakqor
   (Abbos Sultonga)
  
  
   Yoʻqdir qorzarralar sanogʻi, soni,
   Qish zulmat qa'rida shopiradi qor.
   Yoridan ayrilgan odamday fonus,
   Qor qoplagan yoʻlga boqar intizor.
  
   Ayvonda agʻrayib yotar kovushlar,
   Hayratdan ogʻzini ochgancha, hamon.
   Kimsasiz koʻchada izgʻib, xovuchlab,
   Darchalarga guruch sochadi shamol.
  
   Qorli yoʻlga boqib, xayoling ogʻar,
   Oqarar ohista dala, qir - qiya.
   Qor asta shivirlab, jimgina yogʻar,
   El -ulus uygʻonib ketmasin deya.
  
  
  
   23/01/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Oy
  
  
  
   Oy shu'la toʻshaydi sukunat choʻkkan,
   Osuda, kimsasiz yoʻlakka gohi.
   Chirsillab urilar yulduzli koʻkka,
   Yolgʻiz chirildoqning faryodi ohi.
  
   Xovlimizda oʻsib yotar shoʻralar,
   Men koʻchib ketganman, tushunsangchi, hoy.
   Tunlar meni izlab, ma'yus moʻralab,
   Singan derazadan qarayverma, oy.
  
  
  
   25-06-2025.
   Kech soat 6:07.
   Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
  
  Dengiz
  
  
  
  Dengiz, sen dengizmas, oʻrkachlari koʻp,
  Quturgan mast -alast moviy tuyasan.
  Kemalar nazdingda bamisoli choʻp,
  Nechun qovogʻingni uyasan?
  
  Koral riflarida marvarid shoda,
  Shundanmi talotum, gʻazab va qahr?
  Baxaybat kosangda suvmi yo boda?
  Doʻstim, ozroq ichsang boʻlmasmi axir?!
  
   YO shovqin - surondan qulogʻing karmi?
  Toshlarga bosh urib yigʻlaysan gohi.
  Chuvvos solib uchgan chagʻalaylarning,
  Uvoli tutganday, urganday ohi.
  
  Oʻxshaysan may toʻla qadimiy xumga,
  Oqchorloq galasin yigʻlatgan sohil.
  Bir ayol ismini yozgandim qumga,
  Shuni ham oʻchirib tashlabsan oxir.
  
  
  
  30-06-2025.
  Kunduz soat 11:18.
  Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
  Shoir
  
  
  
  Son sanoqsiz yulduzlar hamon,
  Koinotni talaydi bitdek.
  Kezar dalli, devona shamol,
  Suyak izlab daydigan itdek.
  
  Chorbogʻlarda gullaydi bodom,
  Oy porlaydi magʻrur, maqtanib.
  Men koʻppakmas, oddiy bir odam,
  Daydimayman suyak axtarib.
  
  To tongacha bilmayman tinim,
  Soʻzdir mening topgan hazinam.
  Menga suyak kerakmas, inim,
  Men oʻzimni oʻzim gʻajiyman.
  
  
  
  25-06, 2025.
  Tungi soat 10:05.
  Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Kitobsevar
  
  
  
   Shovullaydi shamol shashtida oʻrmon,
   Yolgʻiz uchib yurar daydi kapalak.
   Osmon bulutlardan koʻtarar xirmon,
   Uzoqda qorayar kulba, kapalar.
  
   Bogʻlarda bir oʻzi begʻam, bezarar,
   Shamol kezib yurar, koʻzlari soʻqir.
   Novdasiga qoʻngan kapalakni daraxt,
   Oppoq kitob kabi avaylab oʻqir.
  
  
  
   08/02/2020. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
  
  Visol kechasi
  
  
  
  Quloq tut, sevgilim, zulmat ohiga,
  Baqalar qurultoy chaqirdi sayyor.
  Gʻamgin shovullagan qayin shohiga,
  Kiyimlar oʻzini osishga tayyor.
  
  Boʻsaday choʻlpillar anhorning labi,
  Toʻlin oy osmonga chiqar tirmashib.
  Oʻtloqda qovushgan oʻt -oʻlan kabi,
  Oydinda soyalar ketar chirmashib.
  
  Porlar koinotning moxi, sarvari,
  Bulutlar siynasi borar ochilib.
  Uzilganday shoda shoda marvarid -
  Yulduzlar marjoni yotar sochilib.
  
  
  
  01-07-2025.
  Kunduz soat 1:26.
  Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Qish kechasi
  
  
  
   Chiyillar boʻronda dov - daraxt shoxi,
   Qaraysan darchangdan zulmatlarga jim.
   Goh oldga intilib, turtinib gohi,
   Qorga belangancha borar allakim.
  
   Goʻyo guruch sochar boʻron darchaga,
   Uzoq termulasan yoʻlga intizor.
   Shahar uxlab yotar, qattiq charchagan,
   Fonus to tongacha maydalaydi qor.
  
  
  
   18/06/2022. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Cadoqatli chirildoq
  
  
  
   Oqshom. Dala xovli, oʻyga choʻmasan,
   Xonang derazasin bogʻlarga ochib.
   Menchi kiprik qoqmay turaveraman.
   Ering kelganda ham ketmayman qochib.
  
   Esingdami, seni firoq oʻtida,
   Kuydirib, bir zamon ketgandim oʻlib?
   Mana, tagʻin qaytib keldim yoningga.
   Qaytadan tirilib, chirildoq boʻlib.
  
   Xovlingda buncha koʻp boʻlmasa gullar?
   YO bugun bayrammi, gullar saylimi?
   Sevgilim, shu gullar ochilib yotgan,
   Xovlingda chirillab yursam maylimi?
  
  
  
   1999 yil , avgust .Toshkent.
  
  
  
  
  
  
  Yomgʻirli kunlar
  
  
  
  Bogʻlarni savalar yomgʻir qamchisi,
  Bulutlar yigʻlaydi kuzga qoʻshilib.
  Shu qadar ogʻirmi koʻz yosh tomchisi,
  Daraxtlar yaprogʻi ketdi teshilib.
  
  Na hayo bor bogʻda, bor na ibosi,
  Berkitmas avratin, uyalmas nahot?!
  Daraxt shir yalongʻoch, yoʻqdir libosi,
  Kel, bogʻlarni kiyintir, bahor!
  
  
  03-07-2025.
  Kunduz soat 12:25.
  Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Hayrat
  
  
  
   Kimsasiz sukunat berar aks - sado,
   Daryolar ortida koʻppaklar xursa.
   Faqat jim kuzatar dunyoni Xudo,
   U ovozsiz urar, mobodo ursa.
  
   Darchaning koʻzlari tushganday oqib,
   Zulmatda mast -alast valdiraydi soy.
   Oʻriklar gullagan bogʻlarga boqib,
   Yana angraygancha tildan qoldi oy.
  
  
  
   03/02/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
  
  Uyqusizlik
  
  
  
  Qaydadir chirildoq chirillar tanxo,
  Shovqindan zulmatlar qulogʻi bitgan.
  Toshlarni olmosday yuvadi anhor,
  Sukunat nafasin ichiga yutgan.
  
  Yulduzlar kiprigin qoplabdi qirov,
  Erinadi yalqov itlar xurishga.
  Kimsasiz koʻchada koʻrinmas birov,
  Nahot hamma joʻnab ketgan urushga?
  
  Miltillaydi daryo ortida chiroq,
  Dong qotib uxlaydi oydinda barcha.
  Seni ham qiynarmi sogʻinch va firoq?
  Nechun uxlamaysan, sargʻaygan darcha?
  
  
  
  03-07-2025.
  Kech soat 6:05.
  Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
  
   Doʻsti ham yoʻq uning Xudodan boshqa
  
  
  
   U doim och yurar, ammo koʻngli toʻq,
   Oʻsha, yozganlarin bizdan yashirgan.
   Hatto bitta dala xovlisi ham yoʻq,
   Yozgan kitoblari chiqmas nashrdan.
  
   Usti boshi yupun, aqchasi kamroq,
   Doʻsti ham yoʻq uning Xudodan boshqa.
   Qayga borsa, doim soyasi hamrox,
   Vatan deb boshini uradi toshga.
  
   Tomlar boʻgʻotiga berkinsa qushlar,
   Tunlari laylakqor yogʻsa boʻralab,
   Tilaydi qushlarga hayrli tushlar,
   Pastak derazadan gʻamgin moʻralab,
  
   Kumushdek yaraqlar sochida qirov,
   Yomgʻirdan keyingi koʻlmakka boqsa.
   Zulmatlarda yuzi yorishgay biroz,
   She'rlarini kuzgi gulhanda yoqsa.
  
   Yemishi qattiq non, ichimligi suv,
   Uyi yoʻq, sovuqda yurar qunushib,
   Ortidan ergashgan koʻppak bilan u,
   Bir burda nonini yeydi boʻlishib.
  
  
  
   27-06-2025.
   Kunduz soat 10:00.
   Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Yoz oqshomi
  
  
  
   Tun. Osuda jimlik, havo musaffo,
   Oy hamon yoritar Xudoning mulkin.
   Kecha shu qadar jim, sokinki, hatto,
   Baqalar ovozin eshitish mumkin.
  
   Moped tirillatib, oy mudragan payt,
   Kimdir xorib, charchab, uyiga qaytar.
   Bu haqda kimsasiz, sokin sukunat,
   Qulogʻimga sekin, shivirlab aytar.
  
  
  
   01/07/2022. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Niyat
  
  
  
   Zulmatda chirildoq chirillagan on,
   Odam boʻlib, elning koriga yarab,
   Yagʻir doʻpping kiyib, yelkangda ketmon,
   Dalalarda yursang yolgʻiz, suv tarab.
  
   Yulduz inson koʻzi ilgʻamas joyga,
   Nayzaday sarosar uchsa ovozsiz.
   Soatlab termulsang porlagan oyga,
   Oddiy suvchi boʻlsang, boʻlsang savodsiz.
  
   Shiypon tamondagi soʻrida yotsang,
   Gʻir - gʻir esaversa tungi shabada.
   Uygʻonsang toʻrgʻaylar chuldirayotgan,
   Oʻz ona yurtingda, tongi dalada.
  
  
  
   7-avgust, 2010 yil.Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  
   Koʻklam chaqinlari
   (Iste'dodli shoir Jontemirga)
  
  
  
   Bogʻlarga ochilgan darchalar romi,
   Sukunatga choʻmgan oʻtlogʻu dala.
   Shivirlar bahorning yomgʻirli shomi,
   Ohista, hech kimga bermasdan halal.
  
   Yomgʻirli zulmatda uzoq yaqinlar,
   Xayolga botganday charogʻon kunsiz,
   Chaqnaydi olisda gʻamgin chaqinlar,
   Osmon bilan yerni payvandlab unsiz.
  
  
  
   16/03/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Ipi qoʻldan chiqqan pufak kabi oy
  
  
  
   Poyonsiz samolar sahrosida quyosh,
   Dumalar yonayotgan shuvoq singari.
   Dalalarga qoʻnar shom hasrati yuvosh,
   Choʻkar daryolarga oyning langari.
  
   Chirildoq goh joʻshib, gohida toʻxtab,
   Chirillar, topolmay berkingani joy.
   Ipi qoʻldan chiqqan pufakka oʻxshab,
   Osmonu falakka koʻtarilar oy.
  
  
  
   25/01/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Tungi laylakqor
  
  
  
   U stol ustida yotgan qogʻoz markaziga
   qalam bilan nuqta qoʻyarkan, dedi:
   -Bechora, qanchalar yolgʻiz u
   qogʻozning qor bosgan dalalarida!..
   Soʻngra shosha pisha oʻchirgich bilan
   oʻchirarkan nuqtani, oʻziga oʻzi:
   -Endi qorboʻronda koʻrinmay ketdi -
   dedi, qaygʻu bilan chuqur xoʻrsinib.
   Soʻng darcha ortida boʻralab yogʻayotgan
   tungi laylakqorga termuldi uzoq.
  
  
  
   05/02/2020.
   Kech soat 5:55.
   Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
  
   Toʻzgʻoq
  
  
  
   Koʻcha fonusini ayovsiz talar,
   Oppoq qorchivinlar moʻri malaxdek.
   Boʻronda mast -alast garmonmi chalar,
   Qalin qor qoplagan bogʻda daraxtlar?
  
   Dalalar suprasi oqarib yotar,
   Xaloyiq charchagan, yotibdi uxlab.
   Shamol esa, loqayd, begʻam, bexatar,
   Tomdagi qorlarni toʻzgʻitar puflab.
  
   Daraxtlar bir birin yurar axtarib,
   Qoʻzgʻolganday goʻyo borliqda maxshar.
   Xayoli parishon koʻcha fonuslari,
   Mahzun toʻzgʻiyotgan toʻzgʻoqqa oʻxshar.
  
  
  
   04/03/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
  
   El -ulusni uyqu elitgan mahal
  
  
  
   Uzoqlarda faryod koʻtarar poyiz,
   Uxlar chiroqlarga talangan shahar.
   Oy kezar dalalar ustida ma'yus,
   El -ulusni uyqu elitgan mahal.
  
   Kimsasiz, qorongʻu zulmat qa'rida,
   Akillaydi daydib, charchagan itlar.
   Yulduzlar koinot kipriklarida,
   Omonat koʻz yoshi singari titrar.
  
  
  
   04/03/2020.
   Kunduz soat 4:51.
   Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Toʻzgʻoq
  
  
  
   Koʻcha fonusini ayovsiz talar,
   Oppoq qorchivinlar moʻri malaxdek.
   Boʻronda mast -alast garmonmi chalar,
   Qalin qor qoplagan bogʻda daraxtlar?
  
   Dalalar suprasi oqarib yotar,
   Xaloyiq charchagan, yotibdi uxlab.
   Shamol esa, loqayd, begʻam, bexatar,
   Tomdagi qorlarni toʻzgʻitar puflab.
  
   Daraxtlar bir birin yurar axtarib,
   Qoʻzgʻolganday goʻyo borliqda maxshar.
   Xayoli parishon koʻcha fonuslari,
   Mahzun toʻzgʻiyotgan toʻzgʻoqqa oʻxshar.
  
  
  
   04/03/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Kakkuqush ini
  
  
  
   Bir odam qoʻlida uzun tayoq bilan,
   Kakkuqush iniga termulganicha uzoq
   kutib turdi uning indan chiqishin.
   Va nihoyat kulrang kakkuqush indan
   boshin chiqargancha: - kakku! kakku! -deya
   oʻzini unitib sayray boshladi.
   Kutib turgan odam qulochkashlab turib,
   qoʻlidagi tayoq bilan bir turtgan edi,
   kakkuqush gilamga top etib tushdi.
  
  
  
   22/02/2020. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
  
   Shom hasrati
  
  
  
   Olis okeanlar ortida qolgan,
   Uy eshigi balki, turar ochilib.
   Gʻamgin oy shu'lasi toʻshalgan polda,
   Kitoblarim yotar sochilib.
  
   Yulgʻun oʻsgan baland jarlar uzra jim,
   Sas - sadosiz asta koʻtarilsa oy,
   Yorishib ketadi mening lablarim,
   La'lin lablaringa muxr bosgan joy.
  
   Pastak kulbalarda chiroq yoqarlar,
   Kimsasiz dalalar sukutga choʻmar.
   Yum - yum yigʻlab, oxir iskabtoparlar,
   Shom hasratin oydin sohilga koʻmar.
  
   Porlasa oy samo kengliklarida,
   Visol onlarini eslasang gohi,
   Tunni zirillatib, zulmat qa'rida,
   Uzoq chirillaydi sevgi arvoxi.
  
  
  
   09/04/2011 Kanada.Toronto shahri.
  
  
  
  
  
   Yulduzli osmon
  
  
  
   Gulxan lovullaydi, zulmatli dala,
   Uchqunlar chirsillab uchar havoga.
   Yonarqurt singari tovlangancha alar,
   Osmonu falakka boʻlar ravona.
  
   Yonar gʻoʻzapoya, shabba, xoru xas,
   Yolgʻizlik, sukunat, oydin halovat.
   Nazarimda, goʻyo yulduzlarga emas,
   Gulxan uchquniga toʻldi samolar.
  
  
  
   01/02/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Avgust
  
  
  
   Odimlab borardi yoʻlda allakim,
   Goho kular edi, yigʻlardi gohi.
   Soyasi ergashib borar edi jim,
   Olis uvotlarda popishak ohi.
  
   Bugun bayram, ya'ni, tugʻilgan kuni,
   Mayxoʻrlar fe'lini boʻlmas tuzatib.
   Daydi kapalaklar galasi uni,
   Uyiga yetguncha qoʻydi kuzatib.
  
  
  
   18/06/2022. Kunduz soat 3:47. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Qorboʻron
  
  
  
   Ulovlar ham charchadi, tindi,
   Oppoq qorga belandi shahar.
   Koʻmib tashlar borliqni endi,
   Qor tinmasa to tonga qadar.
  
   Choʻzilgancha oʻrnimga shu dam,
   Qordek oppoq oʻylarga botdim.
   YO uy yorugʻ qor shu'lasidan,
   YO chiroqni oʻchirmay yotdim.
  
  
  
   24 oktyabr, 2014. Kanada. Bremton shahri.
  
  
  
  
  
   Gʻozlar galasining boʻm -boʻsh chelagi
  
  
  
   Yomgʻirdan keyingi musaffo havo,
   Dov - daraxt oʻy surar, koʻlmakka boqib.
   Darchalardan yoʻlga termular avom,
   Xayol degan cheksiz daryoda oqib.
  
   Bulutlar podasi samo dashtida,
   Boʻsaday choʻlpillar ariqning labi.
   Majnuntol chayqalar shamol shashtida,
   Unsiz yigʻlayotgan parizod kabi.
  
   Koʻlmaklar koʻzgusi yotar bir yonda,
   Marmarday yaltirar bogʻlar yoʻlagi.
   Gʻiyt - gʻiyt etar kuzgi gʻamgin osmonda,
   Gʻozlar galasining boʻm - boʻsh chelagi.
  
  
  
   9 iyul, 2011 yil. Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  
  
   Bahor oqshomi
   (Xalqimizning eng sevimli shoiralaridan biri Zebo Mirzaevaga)
  
  
  
   Koʻz yoshday toʻkilar gilos gullari,
   Soʻnadi ufqlarda otashi soʻzon.
   Halovat toʻshalgan bogʻda tunlari,
   Nafis oy shu'lasi, goʻzal gul toʻzon.
  
   Oppoq gul yogʻadi misoli roʻyo,
   Oydinda yorishar ovoz yetmas joy.
   Yaraqlagan chinni idishday goʻyo,
   Sokin xovuzlarga choʻkib ketar oy.
  
  
  
   13 may, 2014 yil. Kanada. Brempton.
  
  
  
  
  
   Goho tushlaringa kiramanmi, ayt?
  
  
  
   Lovullab yonarkan kuzgi gulxanda,
   Guv urar xayoli parishon bogʻlar.
   Oʻychan kuz labida qaxrabo xanda,
   Qagʻillar sukunat qoʻynida zogʻlar.
  
   Izgʻirinda yarim yalongʻoch, yupun,
   Yalang novdalari qolsa ham qaqshab,
   Oppoq choyshab ichra uxlamoq uchun,
   Bogʻlar yechinganda ayolga oʻxshab,
  
   Olis oʻlkalardan kelganday qaytib,
   Darchangdan toʻlin oy moʻralagan payt,
   Adashgan yoʻlovchi singari daydib,
   Goho tushlaringa kiramanmi, ayt?
  
  
  
   13 avgust, 2011 yil. Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  
   Yoz kechasi
  
  
  
   Oʻt -oʻlan kokilin avaylab tarar,
   Daydi shabbodaning kemshik tarogʻi.
   Bugʻdoyzor ustida begʻam, bezarar,
   Yaraqlaydi oyning oʻtkir oʻrogʻi.
  
   It xurar, sukunat berar aks -sado,
   Qoʻl yetmas yulduzlar sen kabi yiroq.
   Tebratar xovlida gullarni sabo,
   Xomush porlar daryo ortida chiroq.
  
   Oy homush borliqni nurga belaydi,
   Chirildoq chirillab, oxir charchagan.
   Ilohiy shivirday kirib keladi,
   Baqalar ovozi ochiq darchadan.
  
  
  
   24/06/2022. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Sevgi yodi
  
  
  
  
   Mahzun shivirlaydi bogʻda bargrezon,
   Turnalar faryodi tutdi samoni.
   Kimsasiz yoʻllarga toʻshaydi xazon,
   Kuzning gʻarib, gʻamgin shamoli.
  
   Kun boʻyi yoʻl qarab devorlar osha,
   Yupun dov -daraxtlar xorib, charchadi.
   Kamgap yoʻlovchilar qaygadir shoshar,
   Tirnoqlaydi sovuq yomgʻir darchani.
  
   Bilmaysan yoʻllaring qayoqqa eltar,
   Izgʻir kuzgi bogʻlar darbadar bodi.
   Tunlari derazang oynasin chertar,
   Yomgʻirda adashgan sevgimiz yodi.
  
  
  
   25-06-2025.Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
  
  Istambul
  
  
  
  Emmonoel boʻgʻozi, Tamsil, Eskudar,
  Otmoqda yomgʻirli Istanbul tongi.
  Marmara dengizin kengliklarida,
  Yangrar kemalarning xasratli bongi.
  
  Chagʻalaylar faryod chekadi birga
  Dengiz gʻalayoni -maydoni maxshar.
  Suv yuzida yarmi koʻrinib turgan,
  Quruqlik qoʻrqinchli maxluqqa oʻxshar.
  
  
  
  1999 yil, dekabr. Turkiya.
  Istanbul. Marmara dengizi.
  
  
  
  
  
  
  Ilmoq
  
  
  
  Siz nazarga ilmaysiz meni,
  yaxshiyam ilmaysiz
  ilsangiz agar,
  elu xalqqa kulgu boʻlardik.
  Chunki, men novchaman.
  Nazaringiz esa
  xaddan ziyod past.
  
  
  
  2001 yil, 21 yanvar,
  tungi soat 9 dan 21 minut oʻtdi.
  Tashqarida qor yogʻyapti.
  Maslahat qishlogʻi.
  
  
  
  
  
   Oy uzoq tinglaydi baqalar nutqin
  
  
  
   Vaqt oqsoqlanar, oyoqsiz yurar,
   Osmon yulduzlarga yotar talanib.
   Oydinda xorigan koʻppakmi xurar,
   Uygʻotib uyquga ketgan dalani.
  
   Shamol ham xovlida daydimay qoʻygan,
   Yotibdi qaydadir, misoli tutqun.
   Sohil suvlariga termulib, oʻychan,
   Oy uzoq tinglaydi baqalar nutqin.
  
  
  
   03/07/2022. Yerta bilan soat 8:39. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Qorli kecha va yorugʻ niyyat
  
  
  
   Oppoq qorzarralar uchquni sokin,
   Qoʻnsa kipriginga, sochinga yuzlab.
   Desang - nahot, sovuq bulutlar hokim,
   Osmondan yulduzlar tushmoqda muzlab?
  
   Dala qor ostida mudragan chogʻlar,
   Daydisak el - ulus yotganda uxlab.
   Qalin qorpoʻstinga oʻransa bogʻlar,
   Tugamasa tunga berilgan muxlat.
  
   Soyamiz tutashsa, uchqunlar tinmay,
   Toʻzgʻisa, chirpirab tushsa elanib.
   Uzoq suhbatlashsak, ketgimiz kelmay,
   Fonus yorugʻida qorga belanib.
  
  
  
   20 oktyabr, 2014 yil. Kanada. Brempton shahri.
  
  
  
  
  
   Zulmatlarda uchqunlaydi qor
  
  
  
   Bu xazon, koʻzlari ojiz oshiqning
   Qoʻlidagi oʻqilmagan xat.
   Kimsasizlik, sukunat balki,
   Soʻzsiz qoʻshigʻidir soqov hofizning.
   Men esa,
   Kuzgi dalalarda, tungi zulmatda
   Yolgʻiz uvlayotgan qora shamolman.
   Sen pastak deraza yonida,
   Qirovli gulzorda bulbulni kutib,
   Muzlab qolgan atirgulmisan?
   Chirpirab uchayotgan qor uchqunlarichi?
   Yorugʻ oynalarga talpinayotgan
   Son - sanoqsiz oppoq parvonalarmi?..
   Aytgil, nima uchun, kimni sogʻinib,
   Sochlari quvv oqardi qishning?
  
  
  
   20 avgust, 2012 yil. Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  
   Kuzgi oynalarning unsiz koʻz yoshi
  
  
  
   Yomgʻirda olmosday yaltiraydi tosh,
   Tabiat xayolchan boqadi romdan.
   Goʻyo yogʻayotgan yomgʻirmas, koʻz yosh,
   Koʻzlaringdan duvillab tomgan.
  
   Oʻtasan, xayolchan, soyabon qoʻlda,
   Deyman -oʻngimmi bu, va yoki roʻyo?
   Dov -daraxt soyasi koʻlmakli yoʻlda,
   Choʻkib yotar shaffof koʻzguga goʻyo.
  
   Firoq tigʻi jismu jonim qiymalar,
   Mum kabi eriydi izlaringda qum.
   Termulib sen ketgan yoʻlga oynalar,
   Yolgʻiz odam kabi yigʻlaydi yum - yum.
  
  
  
   31 iyul, 2011 yil. Toronto shahri, Kanada.
  
  
  
  
  
   Tungi qoʻngʻiroq
  
  
  
   Yoʻlovchi turtinib borar koʻchada,
   Qorzarralar aro, koʻzlab uyini.
   Qaysidir darchada chiroq oʻchadi,
   Chirpiraydi telba qorlar quyuni.
  
   Qor hamon qiyalab yogʻadi tinmay,
   Xaloyiq dong qotib uxlagan payti.
   Zulmatlardan menga soʻngi tramvay,
   Qoʻngʻiroq qiladi qayta va qayta.
  
  
  
   24/02/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Hijron
  
  
  
   Izgʻirin darchalar oynasin yalar,
   Qor bosgan yoʻllarning yoʻqday poyoni.
   Qorchivinlar koʻcha chirogʻin talar,
   Tegmasa ham uning elga ziyoni.
  
   Darichang ortida yogʻar laylakqor,
   Xushtak chalar ayoz, qoʻlida chalgʻi.
   Yostigʻing yakkamas, bola chaqang bor,
   Lek hamon dunyoda yashaysan yolgʻiz.
  
   Tortganicha oyu yillar tanobin,
   Oʻtarkan shuncha yoz, bahoru qishlar,
   Sen hamon ichasan koʻz yosh sharobin,
   Tunlar gazakiga yostigʻing tishlab.
  
  
  
   13/02/2020. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
  Dengiz oqshomi
  
  
  
  Bandargox tomonda porlaydi chiroq,
  Yulduzlar yaraqlar shudringday tongi.
  Olislardan meni chorlaydi uzoq,
  Kemalarning boʻgʻiq, hasratli bongi.
  
  Oyning yuzlarida zulmat kuyasi,
  Bezovta yulduzlar arisi toʻzgʻir.
  Suvlar sahrosida dengiz tuyasi,
  Oʻrkachida oqqush, chagʻalay mizgʻir.
  
  Dengiz, bamisoli bahaybat beshik,
  Shovqindan iborat goʻyo lisoni.
  Oʻtadi bulutlar poʻstinin teshib,
  Oy nuri qopdagi bigiz misoli.
  
  
  10/02/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Kech kuz
  
  
  
   Nechun qovogʻingni uyasan, havo?
   Nega achchiq achchiq yigʻlab, yomgʻirlar
   koʻchada ayovsiz savalar meni?
   Koʻlmak ham ataylab akc etdirar
   oyogʻimni osmondan qilib.
   Men sizlarga nima yomonlik qildim?
   Bogʻdagi inlarini xuvillatib,
   uchib ketgan boʻlsa janubga qushlar,
   ayb mendami?..
  
  
  
   02/08/2022. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
  
   Qaror
  
  
  
   Yetar daydiganim, qaytaman uyga,
   Kechirgandir meni hokim hukumat.
   Sogʻintirdi shamol kapalak quvgan,
   Qadrdon dalalar, sokin sukunat.
  
   Borliqni uygʻotar tongi shabada,
   Joʻnayman oʻrilgan bugʻdoyzor tomon.
   Toʻrgʻaylar qoʻshigʻin tinglab dalada,
   Xashak jamgʻaraman, toʻplayman somon.
  
   Qaylardadir eshak xangraydi uzoq,
   Maynalar qoʻnadi sigir shoxiga.
   Toʻxtab keng dalada, tutaman quloq,
   Mahzun va hasratli kakku ohiga.
  
   Qadrdon soʻqmoqni izlab topaman,
   Menga bosh irgʻaydi oʻtloqda biya.
   Hayratdan ochilgan ogʻzim yopaman,
   Ari-pari kirib ketmasin deya.
  
   Kimsasiz sohilda tentirab yursam,
   Dil qushim qutilgan kabi tuzoqdan.
   Kuyganyor tomonda xayqirib, xursand,
   Poezd gudok berar menga uzoqdan.
  
  
  
   19/02/2020. Kanada. Ontario.
  
  
   Choʻchqaxona* - biz yoshlikda futbol
   oʻynab katta boʻlgan
   qadimiy choʻchqaxona xarobalari.
  
   Zilolmos* - yuk tashuvchi poezdlar oʻtadigan
   Kuyganyordagi yashil rangli metall koʻprik.
   Zeleniy most.
  
  
  
  
  
  
   Chiroq
  
  
  
   Paypaslar dov-daraxt shoxini shamol,
   Oyoqsiz va qoʻlsiz, koʻzlari soʻqir.
   Oʻksinib yigʻlaydi bulutli samo,
   Yomgʻir tovuq kabi yoʻllarni choʻqir.
  
   Yomgʻirli yoʻllarga parishon boqib,
   Yoril, tosh! -desangda yorilmaydi tosh.
   Tunlari oshxona chirogʻin yoqib,
   She'rlarim oʻqiysan, koʻzda jiqqa yosh.
  
   Oʻlma, uzoq yasha, uqboga koʻchma,
   Tilsa, oʻrtasa ham bagʻringni firoq.
   Porlab tur ummonlar ortida, oʻchma,
   Umrim zulmatlarin yoritgan chiroq!
  
  
  
   26-06-2025.
   Tungi soat 9:38.
   Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Pichan oʻrayotgan odam
  
  
  
   Toʻrgʻaylar chiyillab chaladi xushtak,
   Qirda oʻt oʻraman, qoʻlimda chalgʻi.
   Kayfiyatim a'lo, yengilman qushdek,
   Daydi shamol sangʻib yuribdi yolgʻiz.
  
   Uzoqda qorayar kulba, kapalar,
   Gullabdi oʻt -oʻlan ichida tikan.
   Uchib yurgan oppoq gʻamgin kapalak,
   Marhuma onamning arvohimikan?
  
  
  
   12/07/2022.
   Kunduz soat 2:47.
   Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Yildirim
   (Hamqishlogʻim, marhum shoir Olimjon Matmurodov hotirasiga)
  
  
  
   Chaqinlar olisda chaqmoqtosh yoqar,
   Dov daraxt lashkari tushgan asirga.
   Qoʻshogʻiz miltiqdan goʻyo oʻq otar,
   Osmonni larzaga solib, qasirgʻa.
  
   Sel sharros quyadi, shiddati jiddiy,
   Oʻt oʻlan qoʻrquvdan qaltirab, qaqshar.
   Zulmatda yalt etgan yildirim, xuddi,
   Insonning lahzali umriga oʻxshar.
  
  
  
   16/07/2022. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Ayriliq
  
  
  
   Yoqmasam, ka - a -a - atta koʻcha - deding,
   koʻchaga chiqdim.
   Koʻcha jim - jit edi, kimsasiz, oydin.
   Men avvallari bilmas ekanman,
   koʻchaning bunchalar
   katta boʻlishin.
  
  
  
   2002 yil , 2 oktyabr . Yarim tun .
   Andijon shahri, 4 - kichik daxa.
  
  
  
  
  
   Saygʻoq
  
  
  
  Yovuzlardan bezib chekingan joying -
  Bepoyon sahroning poyoni yoʻqday.
  Ovchilar xayqirar, chopasan doim,
  Uchasan kamondan uzilgan oʻqday.
  
  Uzoqda ochlikdan koʻtarib faryod,
  Qashqirlar galasi joʻr boʻlib uvlar,
  Shifobaxsh shoxlaring qasdida sayyod,
  Paydar pay, miltiqdan oʻq uzib, quvlar.
  
  O, sayoq, darbadar, tolei qaro,
  Qismatlar mushtarak, ketaman oʻylab.
  Meni xam quvlashar sahrolar aro,
  Chopaman sen kabi ufqlar boʻylab.
  
  Yillar shamol kabi oʻtadi enib,
  Chopaman, quvgʻinga sababdir, gʻaybim.
  Seni shoxing uchun ovlashar, mening
  Boshimda shoximning yoʻqligi - aybim.
  
  
  
  2000 yil,11 iyul. Maslahat qishlogʻi.
  
  
  
  
  
  
  Sirli maktublar
  
  
  
  Daraxt menga yoʻl boʻshatadi,
  Oʻtganimda shu yoʻldan doim.
  Va daraxtning sargʻayib ketgan,
  Xatlariga koʻmilar poyim.
  
  Daraxt shoʻrlik maktublarini
  Kimdir olib oʻqishin poylar,
  Maktublarin olis - olisga
  Olib ketar poʻchtachi soylar.
  
  Sevib qolgan kimnidir daraxt,
  Sevgan yori yozmaydi javob,
  Xatlarini yashirib oʻqib
  Yigʻlab - yigʻlab etmaydi tavof.
  
  Daraxt har yil yozaveradi,
  Siyox, dastgox, qalam, dovotsiz,
  Xatlarini xech kim oʻqimas,
  Uning sevgilisi savodsiz.
  
  
  
  1991 yil, kuz, Toshkent shahri.
  
  
  
  
  
   Oydin kecha
  
  
  
   Oydin sukunatda qumloqni yuvgan,
   Sohil suvlarini keladi kechging.
   Xayol sursang yolgʻiz, termulib suvga,
   Senga halal bermaydi hech kim.
  
   Oppoq sukunatga oʻranib uxlar,
   Oʻlguday charchagan dala, qir -qiya.
   Oʻpishgani qoʻrqar sevishgan juftlar,
   Birontasi koʻrib qolmasin deya.
  
  
  
   12/07/2022. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Oʻrik gullagan kecha
  
  
  
   Oqarar loypaxsa devorlar osha,
   Oydinda gullagan oʻriklar shoxi.
   Osmonga yulduzlar sepkili toshar,
   Zulmatlar qa'rida chirildoq ohi.
  
   Oyning shu'lasidan qamashadi koʻz,
   Olisda qorayib yotar qir -adir.
   Toʻlin oy toʻshaydi yoʻlaklarga boʻz,
   Yulduzlar bosirqab, uchar qaygadir.
  
  
  
   13/03/2020.Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
   Yoʻl
  
  
  
   Hotiramda hanuz pokiza, ravon,
   Yomgʻirli oʻsha yoʻl, ikkimiz yurgan.
   Sehrli lahzalar yodimda hamon,
   Odimladik shundoq yonma yon, birga.
  
   -Ikkimiz yurganda negadir, shu yoʻl,
   Tez tugab qoladi - deding sen, asta.
   Hayrlashdik, qoʻlga tutashmadi qoʻl,
   Chindan koʻcha tugab qoldi birpasda.
  
   Chiroqlar chamani ichra to sahar,
   Kezaman, oʻtarkan lahzalar oʻqdek.
   Odimlayman yayov, dalli, darbadar,
   Sensiz endi yoʻlning poyoni yoʻqdek.
  
  
  
   18/03/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Zulmat
  
  
  
   Gʻamgin miltillaydi uzoqlarda choʻgʻ,
   nazarimda, tutunni tutunga ulab,
   tamaki chekmoqda kashanda zulmat.
   Ichi moʻrining singari qorayib,
   oʻpkasi ham chirib, tamom boʻlgandir...
   Nega chekyapti ekan? Balki, xotini:
   -Sen ham odamlarday, chet elga borib,
   ishlab, pul topib kelsang, oʻlasanmi? -deya,
   janjal koʻtardimikin yarim kechasi?
   Oʻzi xotinining jagʻi yomonda.
   Ishqilib, oxiri bahayr boʻlsin.
   Xudo koʻrsatmasin, xotini shunday
   janjal qilaversa, chidolmay zulmat,
   uzun arqon bilan, achchiq ustida
   ogʻilxonaning yoʻgʻon peshxorisiga,
   osib netib qoʻysa oʻzini shartta
   koʻring tomoshani.
   Dill! Dill!Dill!Dill! - deb yurguvchi
   Ural rusumli kajavali motosiklini
   kapa kapa qilib xaydab, shogirdi bilan
   uchastkavoy leytenant Shgabuddinov
   yetib kelsa kerak, uzoq kutdirmay?..
   Yaxshisi, bu yerdan surishim kerak...
  
  
  
   02/07/2022.
   Tungi soat 10:36.
   Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Tungi qorboʻron
  
  
  
   Boʻron uvillaydi qorli dalada,
   Boʻgʻzigacha qorga botgan oʻt -oʻlan.
   Arang jon saqlaydi qushlar panada,
   Hech kim qor shopirmas shamoldan boʻlak.
  
   Dalalar suprasi oqarib yotar,
   Fonus jim, mungʻayib, qiymalaydi qor.
   Qor bosgan yoʻlakka to tonga qadar,
   Shu'la yogʻiladi darichangdan yor.
  
   Qorboʻron faryodin tinglayman, yotib,
   Har holda, sandal bor, sovqatsa qoʻlim.
   Iloho, zulmatda, qorlarga botib,
   Izlab topolmasin kulbamni oʻlim.
  
  
  
   01/07/2022. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Gʻoʻdaygan daraxtlar yutganmi xoda?
  
  
  
   Uzoqda hasratli maraydi buzoq,
   Loʻkillab qaytadi qishloqqa poda,
   Tolzorda chumchuqlar javraydi uzoq,
   Daraxtlar qilt yetmas, yutganday xoda.
  
   Qaydadir chirillar chirildoq tinmay,
   Yetimdek bir oʻzi kezar daydi yel.
   Sutdek oydin tunda uyqusi kelmay,
   Darchalardan oyga termuladi el.
  
  
  
   13/07/2022. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Subhi sodiq
  
  
  
   Xaloyiq dong qotib uxlaydi hamon,
   Qoraygan darchalar chirogʻi oʻchgan.
   Daydib yurar dalli, devona shamol,
   Xovlidan xovliga koʻchgani koʻchgan.
  
   Bulut koʻrpasiga burkanadi oy,
   Charchab chirildoqning tovushlaridan.
   Osmon ham uyquga ketar hoyna hoy,
   Yulduzlar toʻkilib xovuchlaridan.
  
  
   07/03/2022. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Yomgʻirli kuz
  
  
  
   Yigʻlab, savalaydi bogʻlarni yomgʻir,
   kuz xazon yaprogʻin toʻshaydi yoʻlga.
   Deraza ortida yalongʻochlangan
   namchil novdalari kuzgi daraxtning.
   Shu yalongʻoch kuzgi novdalar bilan
   savalaging kelar oʻzingni oʻzing.
  
  
  
   20/01/2023. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
  
   Tungi yomgʻir
  
  
  
   Itbaliqday titrar tomchilar
   sovuq oynasida derazalarning.
   Yomgʻirning chakida xaltasidan
   tomayotgan chakki singari,
   chiqillaydi soat kaltakesagi.
   Tashqarida qarsak chaladi yomgʻir,
   ichkarida esa, tanho bir oʻzing.
   Pastak darichadan, xorgʻin va ma'yus
   fonus yorugʻida jimirlayotgan
   koʻlmaklarga boqasan uzoq.
   Shovullar qulogʻing chigʻanogʻida
   qadimiy dengizday yomgʻir shovqini.
   Shu mahal, negadir, kutilmaganda,
   yigʻlaging keladi unsiz, oʻksinib,
   lek yigʻlay olmaysan,
   kimsasiz orolda yolgʻiz yashayverib,
   yigʻlashni unutgan odam singari.
  
  
  
   06/03/2022. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Oʻtin yorayotgan odam
  (Jurnalist Shodiyor Sayfga)
  
  
  
  Chorbogʻlarda engak tashladi anor,
  Kechki tolzorlarda qushlar janjali.
  Alvon ufqlarning jaroxati qonar,
  Qizil qonga botgan osmon xanjari.
  
  Sukut saqlar daryo ustida tuman,
  Uylar moʻrisidan oʻrlaydi tutun.
  Men loqayd, qoʻlimda oybolta bilan,
  Daraxtni qoʻrqitib yoraman oʻtin.
  
  
  
  14/02/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
  
   Moʻjiza
  
  
  
   Qor tilsiz soqov deb senga kim aytdi?
   Axir u soʻzlaydi, qoʻshiq ham kuylar,
   Qorzarra toʻzoni toʻzgʻigan payti,
   Koʻrinmay ketganda dalayu uylar.
  
   Qalin qor qoplagan koʻchada yursang,
   Bir oʻzing, salmoqli qadamlar tashlab.
   Soyaboning chertib, oʻzicha xursand,
   Qor asta shivirlab, gapira boshlar.
  
  
  
   21/02/2020. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
  Kuzgi sukunat
  
  
  
  Kuzgi xazonrezgi bogʻlar bir yonda,
  Pichirlab nenidir aylar qiroat.
  Egnida xazondan tikilgan janda,
  Misli piri murshid, sohibkaromat.
  
  Kezadi xazonrez bogʻlarda tuman,
  Qiziqtirmas uni hokim, hukumat.
  Kamtarin donishmand avliyosimon,
  Tuman xayol surar, saqlar sukunat.
  
  
  29/02/2020. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
   Qaxqaxa
  
  
  
   Bogʻda sangʻib yurar daydi shabboda,
   Yulduzlar osilib turibdi arang.
   Oy, meni kechirgil, bilmay, mobodo,
   Tirnoqlagan boʻlsam dildagi yarang.
  
   Soching ustarada taglab qiribsan,
   Moʻychinakda yulib, kiprigu qoshing.
   Osmon sahrosida yolgʻiz yuribsan,
   Archilgan tuxumday yaltirar boshing.
  
   Kezasan, kimnidir topolmay, istab,
   Baqalar sohilda safsata sotar.
   Taqir boshing koʻrib, kulgisi qistab,
   Bulbullar oydinda qaxqaxa otar.
  
  
  
   24/06/2022. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Landavur daraxtlar
   (Jurnalist Vadim Sharfga)
  
  
  
   Zulmatda laylakqor yogʻar boʻralab,
   Pichirlaydi darcha, goʻyo alaxlar.
   Oppoq qorlar kafaniga oʻranib,
   Menga bunday boqmang, daraxtlar.
  
   Qaraysiz qor bosgan yoʻlga intizor,
   Kafanday oqarar qor bosgan dala.
   Kezaman, poyimda xurrak otar qor,
   Qorboʻron uylarning oynasin yalar...
  
   Yalang shoxingizda qirov yaraqlar,
   Chiqmaydi kulbangiz tomidan tutun.
   Koʻmir boʻlmasa ham, hech yoʻq, daraxtlar,
   Nahot topolmaysiz bir bogʻlam oʻtin?..
  
  
  
   29/02/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Duogoʻy bogʻlar
  
  
  
   Talpinganday aziz avliyolarga,
   tongda yoʻl olaman yolgʻiz bir oʻzim,
   olmoq uchun, hech kim yoʻqlamay qoʻygan
   xazonli, kimsasiz bogʻlar duosin.
   Duo qilar meni mahzun pichirlab,
   gʻarib, kuzgi yarim yalongʻoch bogʻlar,
   oʻranib tumanlar uvadasiga.
  
  
  
   21/06/2022.
   Yerta bilan soat 7:23.
   Kanada, Otario.
  
  
  
  
  
   Qor
   (Xalqimizning sevimli shoirlaridan biri Odil Ikromga)
  
  
  
   Ohista oʻchirib qora rangni qish,
   Boʻyaydi kimsasiz zulmatni oqqa.
   Xaloyiq uxlaydi begʻam, betashvish,
   Qarayman qorlardan oqargan yoqqa.
  
   Qorli tun, misoli ibtidoiy gʻor,
   Koʻchada darbadar shamol xushtagi.
   Hamon oʻsha oʻsha, oʻzgarmapti qor,
   Oy yoritgan dala kabi tushdagi.
  
  
  
   05/07/2022. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Toʻlqinlar qoʻypoda singari chopar
  
  
  
   Sohilda qoyalar poyini yalab,
   Moviy toʻlqinlarning galasi chopar.
   Dengiz koʻylagining etagi bilan,
   Ohista qumdagi izlaring yopar.
  
   Shovullar shamolda dengiz dalasi,
   Delfinlar xanjari suvni chavaqlar.
   Qanotlari ila chagʻalaylar galasi,
   Moviy toʻlqinlarni oʻqir, varaqlab.
  
  
  
   09/02/2020. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
   Yomgʻirli shahar
  
  
  
   Yomgʻirdan yuz yoshga yoshardi shahar,
   Avtobus qayiqday yuradi suzib.
   Yoʻlovchilarga suv sachratib oʻtar,
   Hammani kuldirib, ichagin uzib.
  
   Chiqar, old eshikka oʻzini urar,
   Va orqa tamondan tushadi avom.
   Avtobus odamday tirjayib kular,
   Soʻng yana yoʻlida etadi davom.
  
  
  
   09/02/2020.Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
   Xushtak
  
  
  
   Darchadan qorlarga qarayman hamon,
   Kimsasiz koʻchada qorboʻron uvlar.
   Qordan qanot yasab ucharkan shamol,
   Oppoq qorzarralar galasin quvlar.
  
   Qorzarralar uchar zulmatda oʻqday,
   Oynalarni choʻqir ustiga ustak.
   Olisda chinqirgan poezdga oʻxshab,
   Oshxonada choynak chaladi xushtak.
  
  
  
   08/02/2020. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
   Bogʻlar yarim yalongʻoch, yupun
  
  
  
   Kuzning oʻychan shamoli izgʻir,
   Hazin xoru xazonlar ohi.
   Shamollarda chalar sibizgʻa,
   Daraxtlarning yalongʻoch shoxi.
  
   Dala qoʻriqchisi kiyingan yupun,
   Yoriladi kuzgi bogʻlar anori.
   Gʻamgin havolarda suzadi tutun,
   Qishga tutashadi kuzning davomi.
  
   Shamol esa yurar timirskalanib,
   Goho oʻt - oʻlanni qayriydi, toʻxtab.
   Xuddi galadoshin burga, bitlarin,
   Izlayotgan maymunga oʻxshab.
  
  
  
   07/02/3020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Sukunat
  
  
  
   Yolgʻiz odimlaysan oʻtloq tomonda,
   Koʻrinmaydi kuzgi yoʻllarda birov.
   Sigiring izlaysan kuzgi tumanda,
   Qoshu kipriginga qoʻnadi qirov.
  
   Bogʻlar sukunatga, xayolga botgan,
   Yostiq qilib yotar jimlik kovushin.
   Tinglash uchun asta uchib tushayotgan,
   Kuzgi yaproqlarning mungli tovushin.
  
  
  
   11/02/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Qaldirgʻoch
  
  
  
   Kuzda ketganingni sezmay qolamiz,
   Ummonlar ustida uchasan oylab.
   Xazonrez bogʻlarda oʻyga tolamiz,
   Olis oʻlkalardan qaytishing poylab.
  
   Boʻronlar ham seni toʻsolmas yoʻldan,
   Sarosar uchishni yigʻishtir, yetar.
   Uy olib Maslaxat yo Oltinkoʻldan,
   Odamday bir joyda yashasang netar?
  
   Har bahor xalloslab qaytib kelasan,
   Qishlasangda Misr va yoki Chinda,
   Chugʻur chugʻur sayrab, zavqqa toʻlasan,
   Loylar marjonidan qurilgan inda.
  
   Loyni iylarmishsan tumshugʻing bilan,
   Bu qanday guvalak, ayt, qanday usul?
   Koʻlmaklarda goho aytgancha oʻlan,
   Choʻmilasan, vojib boʻlganday gʻusl.
  
   Bu yil yana izlab yashamoqqa joy,
   Eshitdim, qaldirgʻoch, kelibsan qaytib.
   Yana in quribsan, tumshugʻingda loy,
   Bizni xasharga ham qoʻymabsan aytib.
  
  
  
   24 may, 2014 yil.
   Tungi soat 1:17 daqiqa oʻtdi.
   Kanada. Brempton shahri.
  
  
  
  
  
   Koʻzgu
   (Xurshid Ziyoxonovga)
  
  
  
   Sharros quyar ekan shovqinli jala,
   Guldirak faryodi olamni tutar.
   Seldan guvillagan oʻtlogʻu dala,
   Shiddatli yomgʻirda koʻrinmay ketar.
  
   Lek shadid talo toʻp koʻp oʻtmay yana,
   Taqa taq toʻxtarkan, tinib qolar sel.
   Osuda sukunat qoʻngan koʻchaga,
   Xayolchan termular darchalardan el.
  
   Shalobbo bogʻlarda shodumon qushlar,
   Chugʻur chugʻur sayrab, safsata sotar.
   Koʻchada osmonu falakdan tushgan,
   Tubsiz, shaffof koʻzgu yaraqlab yotar.
  
  
  
   23/02/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Yolgʻizlik
  
  
  
   Goho uzoqlashar, goh kelar yaqin,
   Shamol oʻpkasini ilgancha choʻpga,
   Qilich yalongʻochlar zulmatda chaqin,
   Qaldiroq osmonni tutadi toʻpga.
  
   Hademay dala - dasht qolar xuvillab,
   Qushlar ham yoʻl olar janubga tomon.
   Darbadar, egasiz itdek uvillar,
   Yaydoq dalalarda savdoi shamol.
  
   Xochparchin qilingan Isoday yupun,
   Qoʻriqchi yoʻllarga boqadi ilxaq.
   Koyiydi oʻzini, olmagani uchun,
   Qaytishga muhojir qushlardan tilxat.
  
   Uzun yenglarini siltab galaga,
   Qoʻriqchi raqs tushar, koʻylagi boʻzdan.
   Bechora, bir oʻzi biydek dalada,
   Yolgʻiz yashayverib aqldan ozgan.
  
  
  
   15/06/2022. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Hamqishloqlarni eslab
   (Ovchi Oʻljaboy akaga bagʻishlanadi)
  
  
  
   Oʻlja aka, bormisiz salomat, omon,
   Yuribsizmi hamon, daryo yoqalab?
   Oy sohil suvlarin yoritgan zamon,
   Joʻr boʻlib kuylagan chogʻi baqalar?
  
   Qadim Choʻchqaxona, teraklar tollar,
   Quloqni yorgudek qushlar shovqini.
   Kunbotar chogʻlari maragan mollar,
   Jarliklar soyasi, daryo toʻlqini.
  
   Doʻstim Erkin bilan sigir boqardik,
   Oʻtardik mollarni kechuvdan haydab.
   Olovga termulib, gulxan yoqardik,
   Daryo sohilida yurardik daydib.
  
   Shoshilmay oʻtardi kechuvdan mollar,
   Shoxiga qoʻndirib qushlarni gohi.
   Shovullardi shamol shashtida tollar,
   Yangrardi sohilda kakkular ohi.
  
   Chapaevning yeri, shiypon, vaxmlar,
   Olimjon Matmurod betakror shoir.
   Yurardi shirakayf, chizib rasmlar,
   Yozgan she'rlariga, qolardik qoyil.
  
   Daryo sohillarin yoritganda oy,
   Ilinar qarmoqqa sazanu laqqa.
   Oʻlja aka, rizq uchun, osmonga boqib,
   Shukrlar aytasiz janobi Haqqa.
  
   Bir chetda, hech kimga xalaqit bermay,
   Yashaysiz kamtarin avliyoga hos.
   Siz kabi insonlar nomiga she'rmas,
   Besh qismli Hamsa, doston yozsa oz.
  
  
  
   04/03/2023.Kanada, Ontario shtati.
  
  
  
  
  
   Van Gog
  
  
  
   Qosh - kipriging, sochu soqoling malla,
   Koʻzlaring kirtaygan, yuzlaring chuvak.
   Bint bilan oʻralgan uchburchak kalla,
   Yupqa lablaringda qimtilgan sumak.
  
   Shtrixmi yo toʻzgʻir kartinangda yung?
   Oʻqrayib qaraysan, qovogʻing uyib.
   Ranglar toʻzonida jilvalanar mung,
   Ufqlarning etagi bormoqda kuyib.
  
   U yoqda oʻt oʻlan dengizi bormish,
   Hali tushmaganmish bugʻdoyga oʻroq.
   O telba musavvir, devona, darvesh,
   Makoni yolgʻizlik, jandasi firoq.
  
   Yulduzlar talaydi koʻkni beomon,
   Olis kulbalarda chiroq yoqarlar.
   Umidvor termular botargox tamon,
   Shomgi dalalardan kungaboqarlar.
  
  
  
   7/03/2020. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
   Chigirtkalar yoprilishini kutib
  
  
  
   Quyosh gʻamgin botar, sokin tong otar,
   Xuvillaydi bogʻlar kun oʻtgan sayin.
   Sambittol hasratli oʻylarga botar,
   Kokili shovullab shamolda mayin.
  
   Qushlar faryodidan yorilgudek samo,
   El qishni pinxona, orziqib kutar.
   Oppoq chigirtkalar boʻroni aro,
   Hademay dala dasht koʻrinmay ketar.
  
  
  
   02/03/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
  
   Ezgu maqsad
  
  
  
  Dala uzra gʻamgin porlayotgan oy,
  Ayt, oʻzing nimasan, sen asli kimsan?
  Nechun telefonga javob berolmay,
  Unsiz yigʻlayotgan ayolday jimsan?
  
  Uzoqlarga ketma, ortinga qaytgil,
  Xorib, charchasangda odamday, ishlab.
  Boqib darchadan, u ayolga aytgil,
  Tunlar yigʻlamasin, yostiqni tishlab.
  
  Bir kun koʻzlariga boqarman toʻyib,
  Sakrab oʻtib, paxsa devordan boqqa.
  Soʻngra, tizzasiga boshimni qoʻyib,
  Topshiraman jonni janobi Haqqa.
  
  
  23/06/2022.
  Kunduz soat 10:45.
  Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Kuzgi sukunat
  
  
  
   Kuzning lablarida qaxrabo xanda,
   Pichirlab nenidir aylar qiroat.
   Egnida xazondan tikilgan janda,
   Misli piri murshid, sohibkaromat.
  
   Kezadi xazonrez bogʻlarda tuman,
   Qiziqtirmas uni hokim, hukumat.
   Kamtarin donishmand avliyosimon,
   Vazmin xayol surar kuzgi sukunat.
  
  
  
   29/02/2020. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
   Ehtiyoj ustiga qurilgan dunyo
  
  
  
   Sevgi nima? -deya savol berarlar,
   Sevgi chidab boʻlmas sirli ehtiyoj.
   Chidayotgan boʻlsang, demak, sevmabsan.
   Bu ehtiyoj ustiga qurilgan dunyoda esa,
   muhtoj boʻlmagan,
   tilanchi boʻlmagan biror kimsa yoʻq.
   Hamma nimagadir, kimgadir muhtoj.
   Dunyo deb atalgan oʻtkinchi, muvaqqat
   hijrat hujrasida hamma muhojir.
   Besh toʻrt soʻm pul topgan kishi boʻlib,
   gʻaribroq odamga koʻz qiri bilan qarab,
   tishlarini kovlab, kekirgan kimsa,
   qilgan chala pucha ibodati evaziga,
   bukchayib, tebranib, astoydil pichirlab,
   koʻzlarida shashqator koʻzyoshi bilan,
   yigʻlab, tilanadi Xudodan sogʻlik,
   molu mulk, uzoq umr, mansab, martaba
   magʻfiratu sersoya Jannatlardan joy.
   Ha, ehtiyoj ustiga qurilgan bu dunyoda
   barcha ehtiyojmand, barcha tilanchi.
   Darchadan yoʻllarga intizor boqqan
   yetim kabi hamma mehrga muhtoj.
  
  
  
   01/03/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Jirafa bilan suhbat
  
  
  
   Jirafa, lallayib yurguncha, buytib,
   Uzun boʻyning choʻzib, qarachi,
   Koʻrinarmi mening serquyosh yurtim,
   Sohillarga tutash paxta dalasi?
   Koʻkqargʻa, qaldirgʻoch oʻyib, in qurgan,
   Ilma teshik jarlar, misoli pishloq.
   Daydi kapalaklar tentirab yurgan,
   Soya salqin tolzor, qadrdon qishloq.
   Shamol shovullagan qamishli sohil,
   Uzoqda gulxanlar yotgandir tutab?
   Tinglab kakkularning hasratli ohin,
   Dexqonlar yurgandir sholisin oʻtab?
   Qalin yogʻochgardish koʻzoynak taqqan,
   Yoʻl qarab, mungʻaygan pastakkina uy.
   Koʻzyosh kabi toshib, limillab oqqan,
   Daryo, bamisoli ohanrabo kuy.
   Koʻkda shodu xurram, bir birin qutlab,
   chorloqlar chiyillab uchardi har tong.
   Qoʻy, sigir podasi yurardi oʻtlab,
  
   Koʻrinmayaptimi?
  
   Attang...
  
  
  
   23/02/2020. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
   Uchrashuv
  
  
  
   Oydin yoz kechasi, musaffo havo,
   Koʻkda yulduzlarga yetishmaydi joy.
   Sokin sukunatda besas, besado,
   Shu'lalar toʻshaydi dalalarga oy.
  
   Tutdek toʻkiladi yulduzlar suvga,
   Sohil baqa shovla qaynatar gohi,
   Oʻt -oʻlanni kechki shudringlar yuvgan,
   Zulmatlarni teshar chirildoq ohi.
  
   Boʻgʻiq akillaydi olisda itlar,
   Yigʻlading, koʻksimga qoʻyganingcha bosh.
   Lablaring chetida omonat titrab,
   Olmosday porladi bir tomchi koʻz yosh.
  
  
  
   06/03/2020. Kunduz soat 1:02. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Yoriltosh
   (Akter Farxod Abdullaevga)
  
  
  
   Kulma, savol bilan murojaat etsam,
   Yoʻl chetida yolgʻiz soʻppaygan ey tosh!
   Senda ham bormi qalb, bormi hasrat, gʻam,
   Chiqarmi sening ham koʻzingdan koʻzyosh?
  
   Sen ham sevganmisan birontasin, ayt?
   Koʻrganda tosh qotib, paypaslab koʻksing.
   Sokin sukunatda, oy porlagan payt,
   Koʻz yosh toʻkkanmisan ovozsiz, oʻksib?
  
   Sening boshingni ham yorganmi yogʻiy?
   Koʻrinmas tosh bilan, ayt menga rostin.
   Boshinga ogʻirroq ish tushgan chogʻi,
   Koʻrib, koʻrmaganga olganmi doʻsting?
  
   Qanday mavjudodsan, nimasan, kimsan?
   Kel, bugun lojuvard nurlarga qoril.
   Gapirsangchi axir, ne uchun jimsan?
   Tosh, sen ham tosh boʻlib bir bora yoril!
  
  
  
   29/07/2019. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
   Isiriq tutatar bogʻlarda tuman
  
  
  
   Menga oʻxshab yalqov, bekorchimas shamol,
   U yupun bogʻlarni soliqqa tortar.
   Qushlar uchib ketar janubga tomon,
   Kundan kunga elning hayrati ortar.
  
   Isiriq tutatar bogʻlarda tuman,
   Tiyramox qushlarni janubga quvgan.
   Tol xovuz boʻyida serrayar hamon,
   Xayoli parishon, termular suvga.
  
   Xazonlarni quvlab daydi shabboda,
   Esib oʻtar yekan yonimdan shoshib,
   Bitta bargni tutib oldim havoda,
   Bosib ketmasin deb shoʻrlikni moshin.
  
  
  
   21/02/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Qoʻnar dala - dashtning sochiga qirov
  
  
  
   Xorigan yaproqlar, daqiqa sanab,
   Top - toza yoʻlaklar uzra toʻkilar.
   Shamol ivirsitgan yoʻlakka qarab,
   Farrosh xoʻmraygancha soʻkinar.
  
   Qoʻzgʻoladi koʻkda qushlar boʻroni,
   Osmonga alanglab qaraydi barcha.
   Chirpirab raqs tushar bogʻlar xazoni,
   Soʻng yerga qoʻnadi ohista, charchab.
  
   Xazonlar sargʻayar, misoli musxaf,
   Qoʻnar toʻzgʻoqlarning sochiga qirov.
   Janub tomon joʻnab ketadi kuz ham,
   Guvillagan qushlar boʻroni aro.
  
  
  
   21/02/2020. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
   Qaraysan, chelaging tushib qoʻlingdan
  
  
  
   Qushlar uchar issiq oʻlkalar tomon,
   Hademay dalalar halovat topar.
   Moylanmagan temir dorvozani shamol,
   Goh qiyalab ochar, gohida yopar.
  
   Gʻamgin xoʻrsinishdan endi ne foyda,
   Kuzmas, senga bahor koʻproq yoqardi.
   Sevgining ikkimiz uchrashgan joyda,
   Kuzgi qoqioʻtday sochi oqardi.
  
   Osuda tumanli tiyramox tongi,
   Xazon chirpiraydi oʻngu soʻlingda.
   Turnalar faryodi toʻla osmonga,
   Qaraysan, chelaging tushib qoʻlingdan.
  
  
  
   19/02/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Sayr
  
  
  
   Koʻkdan oy xayoli parishon boqar,
   Baqalar zulmatda kuylaydi hamon.
   Oydinda sayr etish yaxshiyu, faqat,
   Yolgʻizlik va yana sensizlik yomon.
  
   Oydin sukunatda dov daraxt mudrar,
   Osmon la'l javohir -yulduzlarga boy.
   Yana bir oz porla dalalar uzra,
   Meni yolgʻiz tashlab ketib qolma, oy!
  
  
  
   19/02/2020.
   Kunduz soat 2:44.
   Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Oydin sohillar
  
  
  
   Kimdir yolgʻiz suzar yogʻoch qayiqda,
   Bir maromda oʻychan eshkaklar eshib.
   Yuksaladi koʻkka, aslo xayiqmay,
   Oy kumush shu'ladan arqonlar eshib.
  
   Suzarkan koʻzagul ochilgan joyga,
   Mast alast chayqalar sohillarda suv.
   Boqib daryo uzra porlagan oyga,
   Yovvoyi hayratdan angrayadi u.
  
   Osmon deb atalgan bepoyon tomda,
   Sukut saqlar olis yulduzlar minglab,
   Eshkaklardan asta chakillab tomgan,
   Tomchilarning tovushin tinglab.
  
  
  
   18/02/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Ogʻzi qulogʻida, jilmayar hilol
  
  
  
   Darchalarning koʻzi tushmasin oqib,
   Zulmat qamramasin oʻngu soʻlimni.
   Dov - daraxtlar mash'alasin yoqib,
   Kuz yoritgan mahal mening yoʻlimni.
  
   Paypaslaydi chiroq shu'lasi bilan,
   Traktor zulmatda kuzgi dalani.
   Mudrab yotar qishloq, misoli chaman,
   Chiroq chiviniga talanib.
  
   Oxista imlaysan, eshiging ochib,
   Parishon sochlaring oʻynaydi shamol.
   Jilmayar, ogʻzining tanobi qochib,
   Shudgorlangan dala ustida hilol.
  
  
  
   17/02/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Qadam tovushlari
  
  
  
   Xonada sukunat hukmron edi,
   faqat chiqillardi devorda soat.
   Shu mahal xonada oʻtirgan odam
   birdan qoʻrqib ketdi, eshitib,
   soniya ba soniya, daqiqa ba daqiqa
   tobora yaqinlashib kelayotgan
   soat chiqillashiga oʻxshab ketguvchi
   oʻz oʻlimining qadam tovushlarini.
  
  
  
   22/03/2024. Kech soat 7:34. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Xiyobon
  
  
  
   YO piray, sen buni qaerdan bilding?
   Ha, bargi xazonlar chirpirab uchar.
   Tabiat hademay, erta yo indin,
   Boʻlmasaydi qishning qahriga duchor.
  
   Taranglashgan qargʻa -zogʻlarda asab,
   Xazon shopiradi bogʻlarda shamol.
   She'rlarim qogʻozdan qanotlar yasab,
   Uchib ketmasaydi janubga tomon.
  
  
  
   16/02/2020. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
  
   Ozodlik
  
  
  
   Ochib yubordilar qafas darchasin,
   Osmonu falakka havolandi qush.
   Uchdi u, unitib barcha - barchasin,
   Anglolmay koʻrgani oʻngmi yoki tush.
  
   Uchar qanotlari ketguday titilib,
   Parlarini shamol avaylab silar.
   Qafas, ozod boʻlib, qushdan qutilib,
   Ogʻzini lang ochgancha kular.
  
  
  
   15/02/2020.Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
   Kechuv
  
  
  
   Oʻzanidan toshar bahorgi daryo,
   Bosar oʻtloqlaru dala dashtni suv.
   Shamol tol kokilin oʻynar beparvo,
   Goho kapalakni quvlab ketar u.
  
   Odamlarga oʻxshab, etigin yechib,
   Aylanib darbadar daydi sayoqqa,
   Bahoriy toshqinni oʻtadi kechib,
   Daraxtlar, shoshilmay yogʻoch oyoqda.
  
  
  
   14/02/2020. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
   Osmon sahrosida qushlar karvoni
  
  
  
   Chalinmadi hali cherkovlarda jom,
   Hali yangramadi masjidda azon.
   Qoʻnmadi oʻrmonlar etagiga shom,
   Poyimda pichirlar duogoʻy xazon.
  
   Dov - daraxt jandasi oqar daryoda,
   Tobora yuksalar bulut xirmoni.
   Yigʻlab vidolashar, koʻtarar faryod,
   Osmon sahrosida qushlar karvoni.
  
  
  
   14/02/2020.
   Kunduz soat 12:15.
   Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Sogʻinch
  
  
  
   Toʻlqinlar, uzoqdan meni koʻrib,
   Bir birini quvlab, qirgʻoqqa chopar.
   Sogʻingan ayolday ulardan biri,
   Sakrab, quchogʻimga oʻzini otar...
  
   Olis hotiralar, biz uchrashgan joy,
   Chagʻalaylar ohi girdibodimda.
   Ipakday sochlaring visolgoxda oy,
   Yoritgan laxzalar hamon yodimda.
  
   Borsam, tanirmikan daryoning labi,
   Oy hamon boqarmi yoʻlga intizor?
   Uchrashganda dengiz toʻlqinlari kabi,
   Otasanmi oʻzingni quchogʻimga, yor?
  
  
  
   13/02/2020. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
   Sovgʻa
  
  
  
  
  Istasangiz,
  esdalik uchun shu pashshaoʻldirgichni
  sizga sovgʻa qilaman.
  Siz u bilan
  bekorchilik jonga tekkan mahallar,
  sokin sukunatli dala xovlingiz oynalariga
  qoʻngan mudroq pashshalarni
  oʻldirishingiz mumkin
  - deya men sohibjamol ayolga
  oʻzimning yaqinda nashrdan chiqqan,
  yupqa daftarni eslatguvchi
  piyozpoʻsti kitobimni sovgʻa qildim.
  
  
  
   13/02/2020.
   Kunduz soat 10:10.
   Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Poezd
  
  
  
   Gohida oʻrmalar, goh uchar qushday,
   Chinqirar zulmatda telbaga oʻxshab.
   Uzoq - uzoqlarda chaladi xushtak,
   Pishqiradi xorgʻin, qaydadir toʻxtab.
  
   Mana ellik yilki, misoli haykal,
   Qaqqayib turibman, perron bagʻri tosh.
   Hamon ketib borar bir pari paykar,
   Yum -yum yigʻlagancha, koʻzda jiqqa yosh.
  
  
  
   12/02/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Oy porlagan oqshomlar
   (Latibjonga)
  
  
   Bogʻlarda chirildoq chirillagan tun,
   Gʻamnok boʻzaradi ayvon chirogʻi.
   Parvonalar esa, charx urar beun,
   Tom ustida porlar oyning oʻrogʻi.
  
   Jovdiraydi olis yulduzlar koʻzi,
   Oy, gax! desang goʻyo qoʻngudek qoʻlga.
   Paxsa devor osha, boʻynini choʻzib,
   Teraklar doʻstimday qaraydi yoʻlga.
  
  
  
   12/02/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Toʻlin oy
  
  
  
   Gohida, quduqning ogʻziga oʻxshash
   toʻlin oyga uzoq termulganimcha,
   qurib qolgan koʻxna quduq tubidagi
   yolgʻiz odam kabi sezaman oʻzni.
   termulaman oyga, osmonga, goʻyo
   hozir, zanjirini shaldiratganicha
   tangʻir tungʻir qilib tushadiganday
   yuqoridan boʻm -boʻsh quduq chelagi.
  
  
  
   23 -03/2924. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
  
   Suv tiniq, baliqlar biltanglab suzar
  
  
  
   Daryo toʻlqinlari qumloqni yalar,
   Sohillarda boshoq chiqargan sholi.
   Shitirlab, shivirlab, yomgʻir savalar,
   Shamolda shovullar qamishlar yoli.
  
   Yomgʻirli sohildan kelmaydi ketgim,
   Jimirlaydi suvda xalqalar minglab.
   Boqaman qarmoqning poʻkagiga jim,
   Pichirlagan yomgʻir ohini tinglab.
  
   Yomgʻir savalagan sohillar soʻlim,
   Koʻzlarim - bahoriy daryo oʻzani.
   Suv olgani kelsang sohilga, gulim,
   Koʻzlarimga botir koʻzani.
  
  
  
   12/02/2020. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
  
   Qishki chivinlarning oppoq galasi
  
  
  
   Koʻcha fonuslarin talaydi, toʻzgʻib,
   Oppoq chivinlarning telba galasi.
   Qalin qorkoʻrpalar ostida mizgʻir,
   Zulmatda oqargan dexqon dalasi.
  
   Muz ostida mudrab yotibdi anhor,
   Kumush kishan, zanjir kabi shaldirab.
   Mayli hayallasin, kechiksin bahor,
   Boʻkirmasin telba momaqaldiroq.
  
   Toʻzgʻib uchaversin, toʻxtamay bir zum,
   Oppoq qorzarralar gala va gala.
   Mayli bahorgacha uyquni ursin,
   Kimsasiz, oppoq qor qoplagan dala.
  
  
  
   11/02/2020.Kanada. ontario.
  
  
  
  
  
   Sahro
  
  
  
   Sholoplaydi qirgʻoq, dengiz chayqalar,
   Oftob shu'lasida tovlanadi toʻr.
   Gala gala uchgan oppoq chaykalar,
   Chiyillaydi dengiz shovqiniga joʻr.
  
   Qirgʻoqqa bosh urib, qiqirlab kulgan,
   Toʻlqinlar bir birin quvlab, quvonar.
   Kimsasiz sahroda shamollar yulgan,
   Shuvoq, tuyaqorin kabi dumalab.
  
  
  
   10/02/2020. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
   Yoz
   (Universitetda birga oʻqigan kursdoshim Shavkatbekka)
  
  
  
   Kapalaklar uchar oʻngu soʻlimda,
   Toʻrgʻaylar sayraydi toʻliqib, toshib,
   Bugʻdoyzorda peshvoz chiqar yoʻlimga,
   Dala qoʻriqchisi, quchogʻin ochib.
  
   Yozgi paykallarda jimirlar sarob,
   Bir maromda oʻntab, oh chekar gʻurrak.
   Goʻyo uzoqlarda, jiydazorlar aro,
   Javzo uxlab yotar, otgancha xurrak.
  
  
  
   24/01/2020. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
  
   Qorli dalalar
   (Nay sozining qiroli Abdulahad Abdurashidovga)
  
  
  
   Xazonrez shamollar esdi guvillab,
   Qushlar uchib ketdi gala va gala.
   Kimsasiz xovliday qoldi xuvillab,
   Qor qoplagan yaydoq kimsasiz dala.
  
   Beligacha qorga botib, beomon,
   Qurigan qamishlar bormoqda qayga?
   Balki ular borar sohilga tomon,
   Aylangani shamol shashtida nayga?
  
  
  
   2017 yil, 16 noyabr. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
  
   Maxshar
  
  
  
   Boylikdan batamom qutildi daraxt,
   Tashlab ogʻir tilla xazonlar yukin.
   Soʻng gʻamgin kimsasiz yoʻllarga qarab,
   Xayollarga botdi, saqladi sukun.
  
   Chorbogʻlarda daydib yurarkan shamol,
   Qurigan oʻt - oʻlan boshini silar.
   Hazonga yonboshlab, begʻam, bemalol,
   Mayxoʻrday dong qotib uxlaging kelar.
  
   Achchiq tutun xidi suzar havoda,
   Bogʻlarda oʻt -oʻlan qovjirab qaqshar.
   Sahroday kimsasiz soʻyi samoda,
   Qushlar qoʻzgʻaloni, faryodi maxshar.
  
  
  
   04/02/2020. Kunduz soat 11:04. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
  
   Kuz hasrati
  
  
  
   Kuzak oʻt - oʻlanni avaylab, asrab,
   Xazonlarga dafn etmoqchi chogʻi.
   Kuzgi tolzorlarga choʻkadi hasrat,
   Qagʻillaydi bogʻlar qargʻayu zogʻi.
  
   Qaxrabo barglarin toʻkadi chinor,
   Xiyobon ruhimday huvillab yotar.
   Tirjayar bogʻlarda yorilgan anor,
   Daraxtlar uyalib, avratin yopar.
  
   Puflab oʻchirilgan shagʻam kabi ular,
   Sirli boʻlsin deya ayyomi visol.
   Xazonlar shamolda chirpirab uchar,
   Shu'laga talpingan parvonamisol.
  
  
  
   03/02/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
  
  Hademay uyquga ketadi dala
  
  
  
  Koʻchmanchi qushlarga tilar bargrezon,
  Bexatar safaru sabr va bardosh.
  Top - toza yoʻlakka toʻkilar xazon,
  Pichirlab soʻkadi shamolni farrosh.
  
  Osmonni toʻldirib, gala va gala,
  Shosha pisha uchib ketmoqda qushlar.
  Hademay qorkoʻrpaga oʻranar dala,
  Koʻrmoq uchun oppoq, hayrli tushlar.
  
  
  
  23/07/2022. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
  
   Muzlagan daryo
  
  
  
   Qishning sochi oppoq oqargan,
   Birinchi qor, kimgadir soʻngi.
   Odam qorga oʻychan boqarkan,
   Bilolmas, bu tushmi yo oʻngi.
  
   Muzlab qolgan daryodagi suv,
   Oppoq jimlik, misoli roʻyo.
   Oqchorloqlar koʻtarar qiy - chuv,
   Eri urgan xotinday goʻyo.
  
  
  
   31/01/2020.Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
  
  Yomgʻir tovuq kabi yoʻlakni choʻqir
  
  
  Bositirib kelarkan bulutlar yaqin,
  Miltiqdan oʻq uzar qaldiroq mergan.
  Chaqmoqtosh yoqadi zulmatda chaqin,
  Ikkimizni izlab, gunoxkor yerdan.
  
  Chaqindan yaltirab yaprogʻi, shoxi,
  Mahzun shovullaydi shamolda qayin.
  Shivirlab, boʻgʻzida ilohiy ohi,
  Yomgʻir birdan yogʻib yuborar mayin.
  
  Koʻlmak koʻzgusiga moʻltayib boqar,
  Fonus oʻyga botgan odam singari.
  Yomgʻir oynalardan koʻz yoshday oqar,
  Sovuq yaltillaydi chaqin hanjari.
  
  Dov daraxt shoxini shamol egadir,
  Qorongʻi zulmatning koʻzlari soʻqir.
  Don -dun boʻlmasa ham yerda, negadir,
  Yomgʻir tovuq kabi yoʻlakni choʻqir.
  
  
  07/07/2022. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
  
   Xayqiriq
   (Toʻbo xola hotirasiga)
  
  
  
   Yozgi dalalarda kezar daydi yel,
   Salqin chorbogʻlarga shoʻngʻiydi qushlar.
   Sarob jimirlagan paykal aro el,
   Oftob qilichining tigʻida ishlar.
  
   Soya salqinlarda yotgan sigirlar,
   Kovshanib, koʻzlarin yumadi, mudrab.
   Havoda muallaq toʻrgʻay vijirlar,
   Jiydazor tomonda oʻntaydi gʻurrak.
  
   Oshpaz Toʻbo hola tuproq tepada,
   Qiyqirgancha elni chaqirar choyga.
   Daydi kapalakni quvlar shabada,
   Qari tol soyasin toʻshagan joyga.
  
  
  
   07/02/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Oydin sukunat
  
  
  
   Xovuzga termular lallaygan daraxt,
   Osmon qashshoq emas, yulduzlarga boy.
   Oqarishar oydin kimsasiz dala,
   Koʻzni qamashtirib porlayverar oy.
  
   Alvon giloslardan bogʻlar bagʻri qon,
   Olisda baqalar qaynatar shovla.
   Dong qotib uxlaydi xaloyiq shu on,
   Uygʻonmas, bostirib kelsa ham yovlar.
  
   Kimsasiz sukunat, havolar tekin.
   Arshga yetib borar chirildoq ohi.
   Moʻralab qoʻyadi darchalarga sekin,
   Osmonu falakning malika, moxi.
  
  
  
   25/01/2020. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Xovlidan xovliga koʻchar daydi yel
  
  
  
   Birin ketin xorgʻin chirogʻin yoqar,
   Yoritib qorongʻu darchalarni el.
   Oy yana oʻzini daryoga otar,
   Xovlidan xovliga koʻchar daydi yel.
  
   Bir sayoq shoirni sogʻingan ayol,
   Yotolmay muzkoʻrpa atalgan joyga,
   Darchadan boqadi parishonxayol.
   Dala uzra gʻamgin porlagan oyga.
  
  
  
   14/06/2016. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
   Boʻsa
  
  
  
   Qayin shovullaydi, shabboda esar,
   Kakku uzoqlarda oh chekar yolgʻiz.
   Yoʻl - yoʻl mayka kiygan oʻroqchi esa,
   Astoydil oʻt oʻrar, qoʻlida chalgʻi.
  
   Daryoda oʻrmalar erinchoq tuman,
   Shamol oʻt -oʻlanni tebratib oʻtar.
   Yoz daydi va dovdir kapalak bilan,
   Chechaklar labidan avaylab oʻpar.
  
  
  
   22/07/2022. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
  
   Kapalak
  
  
   Kimsasiz osuda jim - jit yoʻlakka,
   hazin shovullagan kuzgi qayinning
   qahrabo barglari toʻkilar asta.
   Esi ogʻib qolgan, xovlima xovli,
   daydigan xazonrez sayoq shamolning.
   Suv quyganday jim -jit tevarak atrof.
   Bogʻda guldan gulga ohista qoʻnib,
   goh kimsasiz yoʻlakni paypaslab, oʻpib,
   bir oppoq kapalak, yetimday yolgʻiz
   uchib yurar, kimnidir izlayotganday.
   Uchib yurardi u, xuddi tunlari
   men yozgan she'rlarni notbukingdan
   birovga koʻrsatmay oʻqiyotgan payting,
   soʻzlardan soʻzlarga uchib, qoʻnguvchi
   ma'yus nigohingday, sevgilim.
  
  
   10/07/2022. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Qor
  
  
  
   Yoʻlovchi izlarin yopib borar qor,
   Bogʻlar qor ostida, uyqusi chala.
   Chiroqlar olisdan boqar intizor,
   Qorli tundraga oʻxshaydi dala.
  
   Osmon uxlar edi daraxt uchida,
   Yostigʻini yirtib, otdimi, netdi?
   Chirpirab toʻzgʻigan parqu ichida,
   Dov -daraxt, dalalar koʻrinmay ketdi.
  
  
  
   28 oktyabr, 2014 yil. Kanada.
   Brempton shahri.
  
  
  
  
  
   Gʻoya
   (Onam Muhtaramxon Mirzajalol qizi hotirasiga)
  
  
  
   Onajon, bu kechikkan gullarni endi ,
   qaerga qoʻyaman, oʻzing ayt, axir,
   qabring okeanlar ortida boʻlsa...
   Shunday deya oʻylab, kutilmaganda
   ajoyib bir gʻoya miyamga keldi.
   Soʻng, senga atalgan oʻsha gullarni
   oxista, avaylab oqizoq qildim
   osmonlar aks etgan azim daryoga.
   Senga yetib borar deya oʻyladim
   kechikkan va senga atalgan gullar.
   Axir, sen, mana necha yillarki
   oʻsha daryo suvida aks etgan mangu,
   bepoyon osmonda yashaysan yolgʻiz.
  
  
  
   05/07/2022. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Endi qaytib vafot etmagin
  
  
  
   Qiynar seni hijron degan dard,
   Yolgʻizmassan, bola chaqang bor.
   Yigʻlamagin, koʻz yoshingni art,
   Va yoʻlimga boqma intizor.
  
   Oʻrtamizda ummon, qir -qiya,
   Togʻu toshlar, tebranmas, tepsang.
   Bilsam; - Meni oʻlibdi deya,
   Unga aytib qoʻyinglar - debsan.
  
   Oʻlmaganing, tirikliging rost,
   Bu dunyodan erta ketmagin.
   Keyin, sendan bitta iltimos,
   Endi qaytib vafot etmagin...
  
  
  
   03/07/2022.Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Pion
  
  
  
   Koʻcha fonusi oʻz plafonining
  yerda sinib yotgan
  parchalariga parishon termulganicha
  mahzun xayollarga gʻarq.
  Xuddi oppoq gulpallalari
  toʻkilgan pion guliday.
  
  
  
   24/01/2020. Kanada.
  
  
  
  
  
   Aprel
  
  
  
   Quyosh botib, gʻamboda, gʻarib,
   Ufqlarning gulxani soʻnar.
   Erigan qor suvin sipqorib,
   Shom qushlari bogʻlarga qoʻnar.
  
   Hilol koʻkda porlar parishon,
   Koʻrasan koʻz ilgʻamas joyni.
   Men sevaman, sevaman, ishon,
   Aprel degan yolgʻonchi oyni.
  
   Billur qandil singari tomdan,
   Sumalaklar tushar uzilib.
   Chakillagan iliq oqshomda,
   El uyqusi ketar buzilib.
  
  
  
   1990 yil . Bahor . Andijon shahri.
  
  
  
  
  
   Choʻlquvar
  
  
  
   Yoshligimda choʻlquvar edim,
   Quvar edim choʻllarni yomon.
   Choʻllar mendan qoʻrqib qochardi,
   Kulgim qistar, eslasam hamon.
  
   Quvmay desam uyqu bermasdi,
   Quvarlikning muqaddas burchi,
   Boʻronda ham quvlayverardim,
   Koʻzda qumning qalampir-murchi.
  
   Bilsam, bekor quvgan ekanman.
   Daryolarda quridi suvlar.
   Qasos dunyo ekan bu dunyo,
   Bugun endi choʻl meni quvlar.
  
  
  
   1988 yil. Toshkent.
  
  
  
  
  
   Kapalak boʻroni
  
  
  
   Esingdami, bir kun, sayr qilib yurib,
   ming - minglab oppoq kapalaklarning
   qurshovida qolib ketgandik ikov?
   Bir birini quvlab, uchardi ular,
   gullarga qoʻnishni sira istamay.
   Faqat qoʻnar edi charchasa,
   sening sochinga va qayrilma kipriklaringa.
   Ayrilgimiz va uyga ketgimiz kelmay
   uzoq vaqt sayr qilgandik birga
   oppoq kapalaklar boʻroni aro.
   Dov daraxt, koʻchalar, odamlar, uylar,
   koʻrinmay ketgandi kapalaklardan.
  
  
  
   24/06/2022. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Kuzgi terak
   (Jiyanim Husniddinga)
  
  
  
   Daydib yurgan yedim, bogʻlarda badar,
   Kuz sochib yubordi chumchuqlarini.
   Ular uchib ketdi shoshib, qaygadir,
   Shamollarda qayrab tumshuqlarini.
  
   Kuz xazon raqsiga chorlaydi kimni?
   Guvillasa yarim yalongʻoch terak.
   Terak shoxidagi qoraygan inni,
   Qushlar eslab, goho sogʻinsa kerak?
  
  
  
   26 oktyabr, 2014 yil. Kanada. Brempton shahri.
  
  
  
  
  
   Garchand soʻqir ishqning koʻzlari
  
  
  
   Tumanlarda tentirab, daydib,
   Dalalarda gulxan yoqarman.
   Balki bir kun Vatanga qaytib,
   Dorvozangni topib, qoqarman.
  
   Qalblarga yoʻl topar roʻzi shab,
   Garchand soʻqir ishqning koʻzlari.
   Lablar yomgʻir kabi choʻlpillab,
   Bir -birini topar oʻzlari.
  
   Yomgʻir yigʻlar odamday asta,
   Koʻz yoshlarin hech kimsa artmas...
   Boshqa topqir a'zolar haqda,
   Nazarimda, yozish ham shartmas.
  
  
  
   25/06/2016. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
   Omonat yaproqlar
  
  
  
   Daraxt qir uchida omonat zogʻlar,
   Sukunatga toʻlar osmon qozoni.
   Sekinroq yuraman men bunday chogʻlar,
   Toʻkilmasin deya bogʻlar xazoni.
  
  
  
   15 oktyabr, 2014 yil. Kanada. Brempton shahri.
  
  
  
  
  
   Birinchi qor
  
  
  
  
   Oppoq qor qoplagan dalalar roxin,
   Angraygancha tildan qolibdi bogʻlar.
   Qor yuki egibdi daraxtlar shoxin,
   Qaxrli qagʻillar tumanda zogʻlar.
  
   Baqirmay sekinroq qagʻillasa ham,
   Yeshitaman axir, emasman garang.
   Qorkoʻchki qoʻzgʻolar yoʻtalsa odam,
   Qor turar daraxtlar shoxida arang.
  
   Qor bosgan dalalar besado, besas,
   Hech kim halal bermas xayollar sursang.
   Yoʻlovchi jilmayib qoʻyar, ranjimas,
   Qulochkashlab turib, qor bilan ursang.
  
  
  
   9/01/ 2013. Kanada. Toronto shahri.Kanada.
  
  
  
  
  
   Hotira
  
  
  
   Esingda boʻlsa, bundan roppa rosa
   bir necha mangulik muqaddam
   uchrashib, tanishgan edik sen bilan.
   Gʻam qaygʻu, tashvish, dabdaba, boylik
   butunlay begona edi biz uchun.
   Qalin oʻt oʻlanli oʻtloqda ikov,
   oʻynab yurar edik, ishga ham bormay.
   Anvoyi gullardan gulchambar yasab,
   boshinga kiydirib qoʻyardim tojday.
   U paytlar mening ismim - Odam,
   sening isming Havvo edi, sevgilim...
  
  
  
   06/08/2022. Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
   Qoradaryo
  
  
  
  
   Quyosh chiqsa, yomgʻir tinib bir pasda,
   Yaltillasa koʻzgu singari yoʻlak.
   Chiqar eding uydan jilmayib, asta,
   Suv bahona, nozik qoʻlingda chelak.
  
   Ochilganda oydin xovlingda gullar,
   Gʻunchayu yaprogʻin shudringa chayib.
   Uxlar eding baland soʻrida, xullas,
   Soching daryosini yostiqqa yoyib.
  
   Sehru jodulangan odamlarmisol,
   Uchrashganda ikov qolardik tildan.
   Ayrildik va nasib etmadi visol,
   Yashayverdik, oʻtib yillarga yildan.
  
   Oydinda chirildoq koʻtarar faryod,
   Seningsiz xuvillab qolganday ochun.
   Sevgimiz suv yutib, gʻarq boʻlgan daryo -
   Begona yostiqqa yoyilgan soching.
  
   Bargrezon bogʻlardan bizni axtarib,
   Shamol xazonlarni toʻzgʻitib quvar.
   Oyning tovogʻida tongacha ariq,
   Olis yulduzlarni oltindek yuvar.
  
  
   8/07/2006. Kunduz soat 2:41.
   Qirgʻiziston, Bishkek shahri.
  
  
  
  
  
  
   Tovush
  
  
  
   Yomgʻir yaraqlatar yoʻllarni yuvib,
   Mudraydi bogʻlarning qargʻayu zogʻi.
   Shamol qanotlari shalobbo ivib,
   Ucholmay qaydadir yotibdi chogʻi.
  
   Fonus shu'lasidan nurafshon yoʻlak,
   Sukunat odamday oʻylarga botar.
   Koʻlmaklar diydasi koʻz yoshga toʻla,
   Xiyobon ruhimday xuvillab yotar.
  
   Yomgʻirda yuvilgan xiyobonda jim,
   Dov daraxt yoʻlakka termulgan oni,
   Eshitdim jimlikda, aniq eshitdim,
   Chirt etib yaproqning uzildi joni.
  
  
  
   28/10/ 2014. Kanada. Brempton shahri.
  
  
  
  
  
  
  Hotirjam odam
  
  
  
  Borliq oʻyga choʻmgan, qattiq charchagan,
  Yomgʻir koʻz yoshlari daryodek oqar.
  Billur koʻlmaklarga pastak darchadan,
  Xaloyiq xayoli parishon boqar.
  
  Salom, yupun, yarim - yalongʻoch bogʻlar!
  She'riyat - jon ipim yigirgan urchuq.
  Ayt qachon bulbulga aylandi zogʻlar?
  Ay ruhim, yomgʻirda qunishgan chumchuq!
  
  Olislarda unsiz chaqnaydi chaqin,
  Miltiqdan oʻq uzar qaldiroq soʻqir.
  Goh uzoqlab, goho kelarkan yaqin,
  Darchlar koʻzini yomgʻirlar choʻqir.
  
  Uyim yoʻq, koʻchaga boʻldim ravona,
  Bir kun tark etarman bu fano mulkin.
  Bu yerdan haydasa oʻgay zamona,
  Xotiralarda ham yashashim mumkin.
  
  Goho gʻarq boʻlgancha sukunatlarga,
  Yomgʻir koʻz yoshlarini keladi kechgim.
  Hotira boʻysunmas hukumatlarga,
  Hotiradan meni xaydolmas hech kim!
  
  
  
  2002 yil, kuz. Andijon.
  
  
  
  
  
  
   Shukrona
  
  
  
   Olloxim, anavi yon qoʻshnim borku,
   oʻshandan degin,
   belkurak oluvdim yer agʻdargani.
   Oʻsha qoʻshnim bir soat oʻtgandan keyin,
   bergan belkuragin soʻrab chiqibdi.
   Sen boʻlsang,
   tugʻilganimdan beri ishlatib yurgan
   belkurakdan afzal qoʻllarimni
   mana, oʻttiz yildirki,
   qaytarib ber deya qistab kelmaysan.
   Yaqinda Komxozdan, B.T.I dan,
   Gorgazdan, Yelektrosetdan,
   Soliq idorasidan
   xoʻmraygan badqovoq odamlar keldi,
   semiz - semiz popka koʻtarib.
   Toʻlov miqdorini eshitgach,
   Hushdan ketay dedim, koʻkarib.
   Olloxim,
   yaxshiyamki farishtalaring,
   semiz - semiz popka qoʻltiqlab,
   quyosh, yomgʻir , shamol xaqini
   surishtirib kelmas uyimga.
   Yaxshiyamki nafas yoʻlimga
   havo xisoblagich oʻrnatmagansan.
  
  
  
   1992 yil, Maslaxat qishlogʻi.
  
  
  
  
  
   Shaftoli
  
  
  
   Menga juda yoqar eding, men ham senga yoqardim,
   Oydin kecha, uxlay olmay, derazanga boqardim.
  
   Esingdami, sevikli yor, devor osha boqqanim?
   Bogʻingdagi shaftolingni shaqillatib qoqqanim
  
   Yerga tushgan shaftolini maqtab, maqtab yeganding,
   Boʻlar endi - desam, yoʻq -yoʻq, qoqing yana! - deganding
  
   Yodga tushar koʻzlaringa toʻymay uzoq boqqanim,
   Tuksiz, oppoq shaftolingni charchaguncha qoqqanim.
  
  
  
   09-12-2024.
   Kech soat 6:47.
   Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
  Sen oʻzing yigʻlaysan hammadan koʻproq
  
  
  
   Bir kuni toʻsatdan poʻk etib oʻlsam,
   Ya'ni urmay qoʻysa koʻksimda yurak,
   Arshi A'lo sari ravona boʻlsam,
   Gʻanimlar toʻdasi quvonsa kerak.
  
   Oʻgʻillarim ochiq, baqrayib qolgan,
   Koʻzlarimni balki yigʻlab yoparlar.
   Goʻrkovlar, qoʻlida belkurak bilan,
   Shoshib, qabristonga qarab choparlar.
  
   Tobutimni eltsa mozorga xalqim,
   Koʻmishsa, ustimdan tortishsa tuproq.
   Bilaman, xonanga qamalib, yolgʻiz,
   Sen oʻzing yigʻlaysan hammadan koʻproq.
  
  
  
   20 may, 2014 yil.
   Brempton shahri, Kanada.
  
  
  
  
  
  
  Sadoqat
  
  
  
  Qachon qarasam shu joyda turganing turgan.
  Oʻtgan safar oppoq gulli koʻylakda eding.
  Naqadar yarashar edi senga oʻsha koʻylak!
  Mana oradan shuncha kunlar,
  shuncha oylar oʻtibdi hamki,
  sen hamon oʻsha joydasan.
   Faqat koʻylaging boshqa.
  Quloqlaringda qizil baldoqlar.
  Kimnidir kutasan. U esa kelmaydi.
  U haqda shunchalar ogʻir hayollarga choʻmasanki,
  la'ldek tovlanayotgan qizil baldoqlaringni
  qushlar choʻqib ketsa ham e'tibor bermaysan.
  Uni shunchalar qattiq sevasanmi?
  U kim?
  Kimni bunchalar qattiq sevib qolding,
  derazam yonida oʻsgan gilos?..
  
  
  1994 yil, bahor.Maslahat qishlogʻi.
  
  
  
  
  
  Mahalladoshlarga
  
  (Bir kuni xonariqboʻyi mahallasiga quvir tortib, gaz keltirganim uchun, mahalladoshlar oʻsha koʻchaga mening nomimni qoʻyishmoqchi boʻlishdi. Bu gaplarni eshitib, quyidagi she'rni yozdim)
  
  
  
  Gʻingʻillaydi iskabtoparlar,
  Daryo yoqda dalalar jimdir.
  Uzoqlarda tom taxtasiga,
  Taqillatib mix qoqar kimdir.
  
  Shovqin solar oqshom qushlari,
  Bogʻlar kiyar qoramtir poʻstin.
  Ufq ortiga berkinar quyosh,
  Sotgan kabi dushmanga doʻstin.
  
  Yulduz toʻla osmon, aslida,
  Son - sanoqsiz yoqilgan shammi?
  Yolgʻiz qoldim qogʻoz dashtida,
  Shuncha azob -uqubat kammi?
  
  Oqshom chogʻi ochilgan gulga,
  Oy termulib, aqldan ozdi.
  Men oydin she'r yozmoqchi edim,
  She'r yozmadim, she'r meni yozdi.
  
  Koʻklam chaqmogʻidek jimgina,
  Zulmatlarni yoritib oʻchdim.
  Ruhim gʻurbat etdi ixtiyor,
  Hijrat qildim qogʻozga koʻchdim.
  
  Endi mensiz kelsa bahorlar,
  Giyox bossa tuproq tomimni,
  Kapalaklar tentirab uchgan,
  Soʻqmoqlarga qoʻying nomimni!
  
  
  2001 yil, 9 noyabr.
  Kech soat 6 dan 50 minutu 15 sekund oʻtdi.
  Maslahat qishlogʻi.
  
  
  
  
   1999 yili avgust oyi. Toshkent viloyati,
  Qibray tumanidagi "Doʻrmon" yozuvchilar bogʻida
  siyosiy yoʻldan ozib,
  koʻrsatgan "kashfu karomatim" sabab
  meni xibsga oldilar.
  Oynalari qoraytirilgan avtomobilda ketarkanmiz,
  yonimda ikki ofiser va qoʻriqchi xodimlar bor edi.
  Yoʻlda men ularga: -Meni otgani olib ketyapsizlarmi? -dedim.
   Ofiserlardan biri: -Bizda hech kim otilmaydi.
   Tergov va sud hukmisiz hech kim qamalmaydi -deya javob berdi.
  -Sizlar otaverasizlar. Choʻlponni ham,
  Abdulla Qodiriyni ham, Firatni ham
  sizlar yegansizlar -dedim men.
  Shundan keyin savollarimga
  javob bermay qoʻyishdi.
  Uzoq yoʻl yurgach, kechasi bir baland
  imorat xovlisiga kirdik.
  Meni 10 -15 chogʻli milisiya xodimlari
  oʻrab turisharkan, kutilmaganda ulardan biri:
   -Shoir aka, melisalarga atalgan
  she'rlardan ham bormi? Eshitaylik -dedi.
  Men biroz oʻylanib turarkanman:
  -Yoʻq, melisalarga atab she'r yozmagan ekanman.
  Lekin, bitta she'r bor, shuni oʻqib beraman -dedim.
  -Ha, ha, qani -dedi melisa bolalar, jonlanib.
  Men quyidagi "Yaxshimasmi?" degan she'rimni oʻqidim.
  Melisa bolalar jim turib, she'rni
  jon qulogʻi bilan tinglarkan, oʻshanda
  Yurtimiz osoyishtaligining posbonlari,
  oʻzbek oʻgʻlonlarining koʻzlarida
  menga nisbatan, nafrat emas, aksincha
  mehr jilvasini koʻrganman.
  
  
  
  
  
  Yaxshimasmi?
  
  
  
  Olloh dilingda boʻlsa hamxona yaxshimasmi?
  Haq yoʻlida qamalsang zindona yaxshimasmi?
  
  Masjidda ahli johil mashgʻuli gʻiybat oʻlsa,
  Ul joyi xonaqodan mayxona yaxshimasmi?
  
  Boshinga tushsa kulfat asqotmasa qarindosh,
  Unday xesh - aqrabodan begona yaxshimasmi?
  
  Iblisga doʻsti sodiq yolgʻonchi olimingdan,
  Xilvatda haqni sevgan devona yaxshimasmi?
  
  Haq nuridan yuzingni zulmat tomon oʻgirding,
  Sendan qanoti kuygan parvona yaxshimasmi?
  
  'Vulqon sotilmagan' deb 'Bejiz otilmagan' deb
  Yigʻlab koʻmishsa tunda pinxona yaxshimasmi?
  
  
  
  1996 yil, yoz. Andijon shahri.
  
  
  
  
  
  
  Ayrildi
  
  
  
  Judolik dashtida Odam Ato Xavvodin ayrildi,
  Jami Islom eli yigʻlab Rasulullodin ayrildi.
  
  Asl mangu muxabbat - Haq, bani odamga dil berma,
  Boʻlur ibratki Majnun ox chekib Laylodin ayrildi.
  
  Mehr qoʻyma bu dunyo moliga, xattoki Qorun ham,
  Ajal kelgach tuganmas molu mulk - dunyodin ayrildi.
  
  Kibr kasbi La'in Iblis erur kibringni oʻldirgil,
  Necha magʻrur qavm Iskandaru Dorodin ayrildi.
  
  Xatarli qumboʻronda beaql yoʻl boshlagach karvon,
  Biyobonlar aro yoʻl manzilu ma'vodin ayrildi.
  
  Qavmlarni qilur gʻorat qilichsiz, soʻz bilan agʻyor,
  Kirib yov soʻziga zillat eli imlodin ayrildi.
  
  Nafs qarmogʻida lazzat yotar aldanmagil, Vulqon,
  Xoʻrakka aldanib nodon baliq daryodin ayrildi.
  
  
  
  2005 yil, aprel. Maslahat qishlogʻi.
  
  
  
  
  
  
  Tavallo
  
  
  Ayo Ollox oʻzing yolgʻiz panoxim,
  Diyonatdin erur toji kulohim.
  Gʻarib, gʻurbat aro osiy qulingman,
  Qafasda sayragan bir bulbulingman.
  Jahonda chekkanim qaygʻu alamdir,
  Omochim shu qalam, daftar dalamdir.
  Odam avlodini loydan yaratding,
  Jamoling jilvasidin nur taratding.
  Yaratding bu jahonni qay matodan?
  Oʻlim meros Havo, Odam Atodin.
  Oʻzing xalq aylagan ahli basharmiz,
   Gahi isyon qilib, xaddin osharmiz.
  Xaloyiq bagʻri tosh, mehri qaxatdir,
  Uyi koshonayu joyi laxatdir.
  Qayon ketdi hayo, dinu diyonat?
  Yaqin kelmish nahot davri qiyomat?
  Jigarlar bir -biriga ters qarashgan,
  Sabab shu, bir qarich yerni talashgan.
  Qayon borsang gʻazab, nafrat, adovat,
  Xiyonat, gʻiybatu changi zalolat.
  Afu aylab mening jumla gunoxim,
  Ato et Jannatingdan joy, Ilohim!
  
  
  
  24-07-2026.
  Kunduz soat 9:51.
  Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
  Azroilnoma
  
  
  
  Kelgach Azroil olurgʻa jonini,
  Bir kishi qoldi yutolmay nonini.
  Aydi Azroil: -ba farmoni Xudo,
  Jonni ber, umring sani boʻlmish ado.
  Ul xudosiz kimsa xoʻngrab yigʻladi,
  Xasratidin xonasiga sigʻmadi.
  Kel-dedi, hazrat yana bir kun yashay,
  Yigʻlabon Ollox bilan suhbatlashay.
  Bulgʻanib, botdim gunoxlar loyiga,
  Bolta urdim yaxshilarning poyiga.
  Kim "Xudo" deb soʻzlasa, sotgan edim,
  Soʻzlarin poylab sovuq qotgan edim.
  Bir umr qildim zino, ichdim aroq,
  Endi ne derman, Xudo qilgach soʻroq?
  Ber ijozatkim taxorat aylayin,
  Pok qilib, oʻzni ketargʻa shaylayin.
  -Yoʻq - dedi shu damda Azroil turib,
  Koʻrpani ulkan qanot birlan surib.
  -Senga amru ma'ruf etgan erdilar,
  Imtixon dunyoda fursat berdilar.
  Olmagʻil vaqtimni, ishlar menda koʻp,
  Hayrlash onang bilan, oʻgʻlingni oʻp.
  Ul xudosiz der: -Farishtam, toʻxtagʻil,
  Mendagi mol - mulkni soʻrgʻil -soʻqtagʻil.
  Taxta pol ostida bir xum tilla bor,
  Istasang, borin senga aylay nisor.
  Mayli oʻgʻlim jonini ol shul zamon,
  Evaziga sen meni qoʻygʻil omon.
  Qoʻrqayapman, tur farishtam nariroq,
  Ol onamning jonini ul qariroq.
  Shunda Azroil kulib, bedinga der:
  Tillani sen mengamas, oʻgʻlinga ber.
  Bermish Olloxim onanga koʻp umr,
  Sen kuyib, doʻzaxda boʻlgʻaysen koʻmir.
  Olmadi hech kimsa kofir yonini,
  Oldi Azroil xudosiz jonini.
  Qop qorongʻu boʻldi bedin xonasi,
  Urdi faryod oʻgʻli birla onasi.
  
  
  24-04-2026.
  Kech soat 6:46.
  Kanada, Ontario.
  
  
  
  
  
  
   ******************
   Oʻzbek xokkulari
   ******************
  
   Xoldor Vulqon yozgan xaykulardan ayrim namunalar.
  
   ******************
  
  
  
   ****
   Qoʻshnim koʻchib ketdi, itini tashlab,
   Aravaga yuklab koʻch -koʻronini.
   Iti uzoq chopdi, yeta olmadi.
  
   ****
   Olmaxon, ogʻzida yeryongʻoq bilan,
   Tik turgancha, qoʻl qovushtirib,
   Menga hurmat bajo keltirdi.
  
   ****
   Doʻstim, qariyalar uyida oʻlgan
   Onasining dafn marosimida,
   Hammadan koʻp yigʻladi, aytib.
  
   ****
   Dala shiyponida tunadim yolgʻiz,
   Kuzgi zulmatlarda tirillayotgan
   Olis traktorning tovushin tinglab.
  
   ****
   Non ham shu qadar qattiq boʻladimi?
   Toshlar bilan urib yurib uni
   Arang sindirdim.
  
   ****
   Sutdek oppoq oydin sukunat.
   Boʻgʻiq akillaydi olisda itlar,
   Narigi dunyoda xurayotganday.
  
   ****
   Tungi sukunatda chirildoq ohi,
   Goʻyo chaqaloqday emib yotar oy,
   Togʻlarning choʻchchaygan mammalarini.
  
   ****
   Yarim kecha, bepoyon osmon.
   Son -sanoqsiz yulduzlar,
   Hayrat bilan termular menga.
  
   ****
   Oy tom uzra porlayotgan kecha
   Nafasimni ichimga yutdim,
   Chirildoqlar jimib qolmasin deya.
  
   ****
   Idish taqirlatib, baqirib yurib,
   Zoʻrgʻa tashqariga quvib chiqardim,
   Uyga kirib olgan olmaxonni men.
  
   ****
   Toʻxtasam, toʻxtaysan, yursam, yurasan,
   Qoʻy, ergashma mening ortimdan,
   Dala uzra gʻamgin porlayotgan oy...
  
   ****
   Yarimta adyolni boshimga tortsam,
   Oyogʻim ochilib qolyapti tunda.
   Oyogʻimga yopsam, boshimga yetmas.
  
   ****
   Kulbam ayvonida oʻtirganimcha,
   Toʻlin oyga boqib, iskabtoparlarga,
   Hayru exson qildim qonimdan.
  
   ****
   Yorugʻ derazalar uzoqdan, xuddi,
   Zulmat koʻylagining etaklaridagi,
   Tilla yamoqlarga oʻxsharkan juda.
  
   ****
   Odamlarni hayron qoldirib,
   Suyak sotib oldim goʻsht doʻkonidan,
   Mehmon qilmoq uchun daydi itlarni.
  
   ****
   Kamzul kiygan kampir, qoʻlida xivich,
   Echkisini izlab yurar, chaqirib
   Qalin, jim -jit kuzgi tumanda.
  
   ****
   Qaxraton qish, sovuq izgʻirin,
   Uyim yoʻq, kiraman gavjum doʻkonga,
   Ichkarida biroz isinmoq uchun.
  
   ****
   Telpagim, pinjagim va choponimni
   Kuzgi daladagi yupun qoʻriqchiga
   Kiydirib qoʻyinglar, oʻlganimdan soʻng.
  
   ****
   Qarmoq ipin tortmay tur, baliq,
   Uchib ketib qolmasin, choʻchib,
   Poʻkakka omonat qoʻngan ninachi.
  
   ****
   Daraxt shoxidagi yolgʻiz zuvildoq,
   Kuylar tamom oʻzin unutib...
   Kim biladi, balki yigʻlayotgandir.
  
   ****
   Boshqa qiladigan ishi yoʻqmi deyman,
   Sangʻib yurar doim xovlima xovli
   Sayoq, daydi, bekorchi shamol.
  
   ****
   Qaychi bilan oʻzim tartibga keltirgan
   Hakkam -dukkam soqol -moʻylovim
   Chala oʻrilgan oʻt -oʻlanga oʻxshar.
  
   ****
   Huv ana 'Atorud', 'Yetti qaroqchi'
   Anavi yaraqlagan choʻmich yulduzi...
   Kapada yashayman, uyim yoʻq mening.
  
   ****
   Qishloqqa choʻkkanda oydin sukunat,
   Tinglab yotdim kulbamda yolgʻiz
   Toʻgʻondagi tungi shovva ovozin.
  
   ****
   Dengiz toʻlqinlaridan biri,
   Sapchib, quchogʻimga oʻzini otdi,
   Doʻstini sogʻingan odamga oʻxshab.
  
   ****
   Derazam ortida ovunchoq boʻlib,
   Novdada qaltirab turgandi yaproq,
   Shuni ham uchirib ketibdi shamol.
  
   ****
   Uzumzor tomonda chugʻurchuqlar galasi,
   Shamol yulqib ketgan parashyut kabi,
   Goh u yoqqa, goho bu yoqqa sarosar uchar.
  
   ****
   Oʻt -oʻlan bargida omonat turgan,
   Shudringlar xoʻrsingan shamol dastidan
   Koʻz yoshday duvillab toʻkildi yerga.
  
   ****
   Koʻzguday tip - tiniq kuzgi xovuzda,
   Koʻrinib turibdi suv oʻtlari aro
   Biltanglayotgan baliqlar hatto.
  
   ****
   Yolgʻizlikda aqldan ozgan odamday,
   Qoʻriqchi yenglarini silkitib, tanxo,
   Raqs tushar kuzgi gʻamgin shamolda.
  
   ****
   Suvini tushirdim xojatxonaning,
   Eshitganday boʻldi butun koinot
   Suvning shovullashin tungi jimlikda.
  
   ****
   Xuddi qoʻziqorin izlayotgan odamday,
   Qishda yoqib, isinmoq uchun
   Dalalarda tezak teraman yolgʻiz.
  
   ****
   Oh, qanchalar sevaman
   Sukunatga choʻmgan kimsasiz
   Kuzgi paxtazorlar osuda tongin!
  
   ****
   Uchib oʻtdi shundoq tepamdan,
   Hasratli gʻogʻolab, yovvoyi gʻozlar.
   Qalpogʻimni otsam yetgudek joyda.
  
   ****
   Qagʻillab yuborma, qargʻa, iltimos,
   Oppoq sukunatga choʻmgan bogʻlarda.
   Toʻkilib tushmasin novdalardan qor.
  
   ****
   Yaramas Vaska, chumchuqlardan birini yeb qoʻyibsan!-
   Dedi kampir, mushugin astoydil koyib,
   Don - dun sochar ekan qushlarga tongda.
  
   ****
   Koʻchaga uloqtirib kiyimlarimni,
   Uydan xaydab yubordi xotinim meni.
   Ketayapman boshim oqqan tomonga.
  
   ****
   Yozgi jazirama issiq.
   Dala etagida jimirlar sarob,
   Hasratli gʻurillar qaydadir gʻurrak.
  
   ****
   Odamlarni choyga chaqirib,
   Oshpaz xotin zang chaldi uzoq:
   Klang! Klang! Klang! Klang!
  
   ****
   Jiyda qiygʻos gullagan sohil,
   Koʻzgu kabi tiniq suvloqda
   Oʻz aksini ichmoqda otlar.
  
   ****
   Bedazorda, oyoqlarim ostidan
   Potir - putur qilib, havoga uchgan,
   Bedana choʻchitib yubordi meni.
  
   ****
   Yarim kecha. Yolgʻiz emasman.
   Devor kovagida chiqillayotgan
   Kaltakesak bor...
  
   ****
   Sohildagi quruq qamishlarning
   Mahzun shitirlashin tingladim
   Qor maydalab yogʻayotganda.
  
   ****
   Zulmatda turtinib, yiqildim yana,
   Darangladi oyogʻimga ilingan chelak.
   Oxir topib, yoqdim shaytonchiroqni.
  
   ****
   Oydin kecha, boshini egib
   Ortimdan ergashgan daydi it bilan,
   Oxirgi nonimni boʻlishib yedik.
  
   ****
   Men tugʻilgan qishloqda hozir,
   Baqalar qurillab zulmat qa'rida,
   Chorbogʻlarda oʻrik gullayotgandir.
  
   ***
   Yarmini toʻldirib kuzgi osmonning,
   Qru! Qru! -deya uchgan turnalar oxir
   Tumanlarda koʻrinmay ketdi.
  
   ****
   Qish. Havoda kuygan rezinka xidi,
   Qoʻshnim yana eski -tuski etiklarni,
   Yoqmoqda shekilli, pechkaga qalab.
  
   ****
   Tunda jinchiroqni yoqayotgandim,
   Birdan oʻt ilashib, lov etib kuydi,
   Soqolimning yarim - yolchisi.
  
   ****
   Uxlatmadi meni tun boʻyi,
   Vaqtni yeb, xiqichoq tutgan
   Boʻkib qolgan soat, xiqillab.
  
   ****
   Koʻchib ketgan qoʻshnimning uyidagi
   Eshik gʻijirladi kuzgi shamolda,
   Xuddi yigʻlayotgan odamga oʻxshab.
  
   ****
   Doʻstim yoʻqlab keldi deya, quvonib,
   Birdan yana soʻppayib qoldim.
   Shamol ekan eshikni ochgan.
  
   ****
   Beva ayol oʻlgan erining,
   Botinkasiga tuproq toʻldirib,
   Gul ekab qoʻydi...
  
   ****
   Shamol guvillagan zulmatli tunda,
   Qor uchquni tusharmikan deb,
   Qorongʻu osmonga termuldim uzoq.
  
   ****
   Qalin qorga botib, turtinib bordim
   Oy yoritgan qorli dalalarning
   Jim -jit sukunatin tinglamoq uchun.
  
   ****
   Toshga qoʻnib turgan kapalakni
   Choʻchitib yuborishdan qoʻrqib,
   Jimlik nafasini ichiga yutdi.
  
   ****
   Qishloqda osuda shom sukunati.
   Uzoqda gaplashayotgan odamlar ovozi va
   Eshik gʻijirlashin aniq eshitdim.
  
   ****
   Bir -birini choʻqib, urishayotgan chumchuqlarni,
   Ajratib qoʻysanglar boʻlmaydimi,
   Tomoshabin boʻlib turavermasdan!..
  
   ****
   Sovgʻa qilgan edim, hokim, quvonib:
   -Oʻqiymiz, albatta oʻqiymiz -dedi,
   Yupqa kitobimni nay kabi oʻrab.
  
   ****
   Oshxonada chirillayversin,
   Urib oʻldirmagin, iltimos, xotin,
   Chirildoqni shippaging bilan!..
  
   ****
   Shaffof suvli xovuzga boqib,
   Qotib qoldim hayratdan bir zum.
   Tutdek toʻkilibdi yulduzlar suvga.
  
   ****
   Bolalik chogʻlarim tunlari xurgan,
   'Qaytmas', 'Tarzan' va 'Qoplon' degan,
   Itlar ovozini sogʻinaman men.
  
   ****
   'Senteniel' parkida kuzgi xazonlar,
   Shamolda shaldirab, shundoq yonimdan,
   Yugirib oʻtdilar, bir -birin quvlab.
  
   ****
   Derzam ortida kuzgi yoʻlakka,
   Chinor yaproqlari toʻkilar asta.
   Xazonlarni oʻychan supurar farrosh.
  
   ****
   Koʻkda yulduzlarga yetishmaydi joy.
   Shaffof xovuz tubida yotar,
   Suvga choʻkkan koʻzgu kabi oy.
  
   ****
   Sohildagi quruq qamishlarning
   Mahzun shitirlashin tingladim
   Qor maydalab yogʻayotganda.
  
   ****
   Xuvillagan kuzgi chorbogʻlardagi
   Taxtadan yasalgan qoʻlbola inlar,
   Janubga hasratli boqmangiz bunday!
  
   ****
   Togʻdagi loypaxsa pastak kulbamning,
   Qamish tomin shamol uchirib ketdi.
   Hayriyat, oʻzimga ziyon yetmadi.
  
   ****
   Javdarizor uzra, koʻm -koʻk osmonda,
   Sayrayotgan toʻrgʻayga qarayman deya,
   Boshdan tushib ketdi qalpogʻim.
  
   ****
   Xuddi kinoteatr ekranidagi kabi,
   Oy yoritgan kulbam devorida,
   Teraklarning soyasin koʻrdim.
  
   ****
   Sevaman kech kuzgi tumanlarni men,
   Chunki, tumanlarda yigʻlasang,
   Koʻz yoshingni koʻrmaydi hech kim.
  
   ****
   Bir - birining pinjiga kirib,
   Uylar uxlar, odamga oʻxshab.
   Zulmatda, qor yogʻayotgan payt.
  
   ****
   Kuz yomgʻiri. Tungi derazadan,
   Fonus shu'lasida jimirlayotgan
   Koʻlmaklarga termuldim uzoq.
  
   ****
   Toshbaqani bosib oldimmi debman,
   Zanglab ketgan, oʻq teshib oʻtgan,
   Soldatlarning qalpogʻi ekan.
  
   ****
   Mana necha oyki bandargoxdagi
   Yaxtaga oʻgʻrincha joylashib olib,
   Bepul tunab, yashab yuribman.
  
   ****
   Unsiz chaqnayotgan bahor chaqmoqlari
   Uzoq -uzoqlarda payvandchi kabi,
   Osmon bilan yerni payvandlayotir.
  
   ****
   Uzumzor tomonda chugʻurchuqlar galasi,
   Shamol yulqib ketgan parashyut kabi,
   Goh u yoqqa, goho bu yoqqa sarosar uchar.
  
   ****
   Yangi chiqqan hilol keng daladagi
   Pishgan javdarizor ustida porlar,
   Yaraqlab, qayralgan oʻtkir oʻroqday.
  
   ****
   Kimsasiz jim -jit oydinlik.
   Chirildoqlar tovushidan
   Chirsillaydi kulbam devori.
  
  
   2024 yil. Kanada, Ontario.
  
  
  
   *******************************
  
  
  
   Ustoz Farid Usmonga
  
  
  
   Qon tomirlar rishtadir, shundan jarangdor sozimiz,
   Bizga shunday soz ato etgan Xudodan rozimiz.
  
   She'r yozishdek bedavo bir dardni yuqtirgan aziz,
   Kamtarin shoir Farid Usmon bizim ustozimiz.
  
   Shum qadamlar yetmagan tosh qoyalar mangu makon,
   Koʻkda burgutlar kabi koʻz ilgʻamas parvozimiz.
  
   Qilmagʻaymiz e'tibor yogʻiy gʻanimlar hayliga,
   Bor adolatli Xudo -yavmul qiyomat Qozimiz.
  
   Yigʻlamay quvnoq yasharmiz bu fano tuprogʻida,
   Titratar olamni garchand oh ila faryodimiz.
  
  
  
   16/06/2016. Kanada. Ontario.
  
  
  
  
  
   Kuz ilhomlari
  
  
  
   Voh, kuzgi daraxt shaklida hayronani koʻrdim,
   Yolgʻiz va gʻarib, bir dili vayronani koʻrdim.
  
   Jim jit koʻchada oʻynadi raqqosa shamollar,
   Charx urdi hazon girvati, parvonani koʻrdim.
  
   Darcham yonidan oʻtdi uchib yovvoyi gʻozlar,
   Parvoziyu faryodida devonani koʻrdim.
  
   Qushlar uyasin tutdi daraxt shoxida, yo Rab,
   Inlarga boqib, gʻam toʻla paymonani koʻrdim.
  
   Za'far kapalaklar kabi uchganda xazonlar,
   Barglarga koʻmilgan koʻcha, ostonani koʻrdim.
  
   Yoʻllarga xazonlar toʻshadi kuzgi Toronto,
   Boqqancha chinor bargiga Fargʻonani koʻrdim.
  
   Ishq bodasidan mastu alast shomu sahar dil,
   Uzlat uyida xilvati mayxonani koʻrdim.
  
   Doʻst topmadi Vulqon bu jahon mulkida izlab,
   Har yerda gʻanim, vaxshati begonani koʻrdim.
  
  
  
   26 oktyabr, 2010 yil. Kanada. Toronto shahri.
  
  
  
  
  
   Qishloq sogʻinchi
  
  
  
   Kuz xazonrez bogʻlarni quchgan,
   Yetim kabi yolgʻiz oʻynar yel.
   Qoʻl silkitar janubga uchgan,
   Turnalarning karvoniga el.
  
   Sohillardan qaytadi poda,
   Sukunatga choʻmadi qishloq.
   Javrar uzoq, safsata sotar,
   Shomgi bogʻlar qoʻynida qushlar.
  
   Quyosh ufqqa ketganda botib,
   Porlasa oy, qaygʻudan holi.
   Kurak bilan shamolga otib,
   Oydinda el shopirar sholi.
  
   Qurillamas endi baqalar,
   Tulki yurar timirskalanib.
   Chopar yolgʻiz daryo yoqalab,
   Iskabtoparlarga talanib.
  
   Kuyganyordan chinqirib oʻtar,
   Temir yoʻlning poʻlat samani.
   Sohillarda charaqlab yotar,
   Billur chiroqlarning chamani.
  
  
  
   26 oktyabr, 2014 yil.Kanada.
  
  
  
  
  
   VATAN
   (Oʻzbekiston xalq artisti Sherali Joʻraevga bagʻishlanadi)
  
  
  
   Sen agar bugʻdoy boshoq boʻlsang somoningman, Vatan,
   Toabad boshing omon boʻlsin, tovoningman, Vatan.
  
   Barcha yaxshi, barcha oqil, barcha dono, faylasuf,
   Qimtinib bir chekkada yurgan yomoningman, Vatan.
  
   Chor taraf zulmat, tuman, uvlaydi ming -minglab shoqol,
   To sahar gulxan yoqib chiqqan choʻponingman, Vatan.
  
   Barcha jim, tilsiz pisib, mum tishlaganda, xayqirib,
   Haq soʻzin dor ostida aytgan zaboningman, Vatan.
  
   Boʻlmasin ovvora yov oybolta qayrab qatlima,
   Qatl etib oʻldirsa xam oʻlmas omoningman, Vatan.
  
   Yurtda Vulqon choʻqqidek boshim bulutlardan baland,
   Yov uchun mangu oʻtib boʻlmas dovoningman, Vatan!
  
  
  
   2004 yil, Maslaxat qishlogʻi.
  
  
  
  
  
   Kuzatish
  
  
  
   Jilmaygancha koʻz yoshlaringni,
   Yashirasan, aldab netasan?
   Men perronda qolaman yolgʻiz,
   Sen poezdda yigʻlab ketasan.
  
   Jiqqa yoshga toʻlgan koʻz bilan,
   Yoʻl olasan uzoq ellarga.
   Yugiraman poezd ortidan,
   Soʻzlar uchar sovuq yellarga.
  
   Chirpiraydi poyimda xazon,
   Kuz borliqni tumanga belar.
   Xuvillagan perronda turib,
   Poezd kabi chinqirgim kelar.
  
  
  
   1992 yil, dekabr, Toshkent.
  
  
  
  
  
   Kema
   (Alisher Navoiy gʻazaliga muhammas)
  
  
  
   Yor ketarda soʻngi bora jilmayib jonim olur,
   Ketmasin deb dolgʻali dengiz - talotum toʻlgʻonur,
   Charx urib sohilda daryo qushlari yigʻlab qolur,
   Har qachonkim kemaga ul oy safar raxtin solur,
   Mavjlugʻ daryo kabi oshufta koʻnglim qoʻzgʻolur.
  
   Men ovutgayman oʻzimni - ey koʻngil, gʻam yema - deb,
   Qaytarar ul kemani tez ortga toʻlqin teva deb,
   Chun tovush qoʻzgʻotmasinkim kemani, soʻz dema deb,
   Yigʻlama ey koʻz, nedin sohilgʻa chiqmas kema deb,
   Kim yoshing daryosidir har sorikim el koʻz solur.
  
   Qoʻrqamen erk bergali bir laxza bir on ogʻzima,
   Soʻz deyolmay, laxta laxta kelsa ham qon ogʻzima,
   Shul sababdin elu xalq termuldi hayron ogʻzima,
   Titrabon siymobdek koʻnglim, yetar jon ogʻzima,
   Tund yel taxrikidin har damki daryo chayqalur.
  
   Soqchi toʻxtat, kor - hol yuz bermasin, hoy, kemada,
   Yursa boʻlmas kiprigi oʻq, qoshlari yoy kemada,
   Qaytaringlar yorni, yoʻq deb ketgali joy kemada,
   Sabr koʻnglimda, koʻngil ul oyda, ul oy kemada,
   Vahki, borib telmurib koʻz, mungrayib jonim qolur.
  
   Koʻzlarimdan oqdi yosh seldek, yetibman oʻlgali,
   Chinqirolmay, telbatob fildek yetibman oʻlgali,
   Toʻzgʻigan qum, choʻldagi yeldek yetibman oʻlgali,
   Dam tutulgʻondin oʻlar eldek yetibman oʻlgali,
   Surmasun deb kemasin baskim, nafaslar asrolur.
  
   Jon iping tortib tarang chalganda davron uudkim,
   Jilva aylab etsa marjon dur seni maxduudkim,
   Ehtiyoj kashkulidin olamni bossa duudkim,
   Kirma savdo baxrigʻa olamdin istab suudkim,
   Siymi naqdi tushsa lekin umr naqdi siygʻolur.
  
   Yigʻlama bagʻrimni oʻrtab, alvido, yorim, hayr,
   Yetmadi vasling nasib, basdir sayohat ham sayr,
   Oʻrtanur koʻksimda Vulqon, yorga hamroxdir gʻayr,
   Gʻarq etar bahri fano gʻam zavraqin ey, piri dayr,
   Ilkiga chunkim Navoiy boda kishtisin olur.
  
  
  
   1991 yil. Toshkent shahri. Talabalar shaharchasi. 14 yotoqxona.
  
  
  
  
  
   Aylagach
   (Alisher Navoiy gʻazaliga muhammas)
  
  
  
   Yayradim dilbar tabassum birla mehmon aylagach,
   Shum gʻanimlar ahlini yer birla yakson aylagach,
   Gʻuncha lablar bolidin goh hayru ehson aylagach,
   Husni ortar yuzda zulfin anbar afshon aylagach,
   Shami ravshanroq boʻlur torin parishon aylagach.
  
   Lutf etib, sahro koʻngilni bogʻu boʻston aylading,
   Sevgimiz ifsho yetib, olamga doston aylading,
   Bizni mazlum ahli mardum, oʻzni sulton aylading,
   Yuzni gullardin bezabmu bizni qurbon aylading,
   YO yuzungga tegdi qonlar bizni qurbon aylagach?
  
   Aylading ushshoqu zoring gardini hoki turob,
   Jilva aylar ishq muhabbat dashtida sirli sarob,
   Otashi hajringda oʻrtar jismu jon, bagʻrim kabob,
   Tiygʻ ila paykonlaring yetti, koʻngul boʻlgʻoch xarob,
   Suv quyub tuxm yekting, ul kishvarni vayron aylagach.
  
   Kimga aytay arzi holim, telba koʻnglim rozini?
   Sindi chil -chil toshga urdim ishq muhabbat sozini,
   Qishga aylantirdi hijron bodi umrim yozini,
   Qon emaskim yopti gulgun hulla jannat xozini,
   Ishq maqtulin shahid aylarda uryon aylagach.
  
   Noz ila oʻldurgali yor axdu paymon ayladi,
   Bir shirin soʻz birla goh dardimga darmon ayladi,
   Kecha kunduz boʻzlatib, diydamni giryon ayladi,
   Oshkor aylab yuzin koʻzumni hayron ayladi,
   Yoshurun oldi koʻngul koʻzumni hayron aylagach.
  
   Pora pora yirtilur el ogʻziga tutgan yelak,
   Gul yuzingni bir koʻrish ishq ahliga orzu -tilak,
   Ayrilur xushdin seni koʻrgan zahot huru malak,
   Jongʻa qoʻygʻach naqdi ishqing qildi koʻnglumni halok,
   Oʻlturur mahramni sulton ganj pinhon aylagach.
  
   Termulurman kecha kunduz yoʻlga, yorim oʻtmadi,
   Pora pora jismu jonim, yora ohim yetmadi,
   Yora boʻlgan jismu jonimdin jaroxat bitmadi,
   Ey Navoiy, ishq agar koʻnglungni majruh yetmadi,
   Bas nedurkim, qon kelur ogʻzingdin afgʻon aylagach?!
  
  
  
   23-03-2025.
   Tungi soat 12:27.
   Kanada, Ontario.
  
  
  
   *********************************
  
  
  
   Yapon she'riyatidan Xoldor Vulqon tarjimalari.
  
   Xayku va tankalar:
  
  
  
  
  
   Xayku va tankalarda koʻp qirrali nimkosa ma'no, kinoya, fisqu fasod, falsafiy mazmun mushoxadalar yoʻq.Bu ixcham poetik janr goʻzal tabiat manzaralarini, yoxud narsalar xolatini, yoki odamning muayyan ruhiy kayfiyatini aks etdirish orqali oʻquvchiga xayrat bagʻishlash, osuda tonglar kabi toza tuygʻular baxsh yetish san'atidir.Xayku va tankalarda aks etdirilgan manzaralarni koʻz oldingizga keltira olsangiz, togʻdagi qishloqda oy chiqishini sargʻayib kuzatayotgan dexqonlar holatini,butazorlar ortidan ohista koʻtarilayotgan toʻlin oyni koʻrayotganday, chigirtkalar chirillashini eshitayotganday, boʻlasiz.Tahayyul va tahayyur shu'lalariga yoʻgʻrilasiz.Quyida bundan olti asr avval yozilgan yapon xaykularini va tankalarini oʻz tarjimam orqali hukmingizga havola qilaman.
  
  
  
  
  
   Xaykular.
  
  
  
   ---
   Masuo Basyo
   ---
  
   ***
  
   Botargoxda qizardi quyosh,
   Qizardi oʻtloqlarda oʻt -oʻlan.
   Choʻgʻdek yonar shudring ham hatto!
  
   ***
  
   Shilliqqurt teruvchi odamlar,
   Kun boʻyi daydiydi dalada,
   Usti boshi, yengilari loy...
  
   ***
  
   Jim -jit oydin sukunatda
   Kashtan yongʻogʻini gʻajiyotgan qurtning,
   Tovushini ham eshitish mumkin.
  
   ***
  
   Choy terguvchi ayollar
   Choy barglarin terib ketishdi
   Kuzgi shamolday.
  
   ***
  
   Katalakday kulbamni
   Chor tarafdan yoritdi
   Derazamdan moʻralagan oy.
  
   ***
  
   Shu koʻm - koʻk dengizga uloqtiraman,
   Shamol tortqilab yirtgan qalpogʻim bilan
   Dabdalasi chiqqan shippagimni men.
  
   ***
  
   Shamolda oʻntayotgan daraxt va,
   Kosaga tomayotgan chakki tovushin,
   Tinglab yotdim yolgʻiz, tun boʻyi.
  
   ***
  
   O, keldingmi, darbadar qargʻa!
   Sening eski ining qaylarda ekan?
   Olxoʻrilar burkandi gulga!
  
   ***
  
   Togʻ etagidagi kulbamga yoʻqlab,
   Kelayotgan aziz doʻstimning
   Naqd iyagidan kelar oʻt - oʻlan.
  
   ***
  
   Tungi osmonlarga termuldim uzoq,
   Va nihoyat mana, bulutlar aro,
   Yaraqladi shu'laafshon oy.
  
   ***
  
   Tungi sabo shivirlashini va
   Mening she'rlarimni tushunar faqat
   Dalalarda yolgʻiz tunagan odam.
  
   ***
  
   Guldagi shudringni ichar kapalak.
   Hatto kuz kelgan boʻlsada, baribir
   Yashagisi keladi uning.
  
   ***
  
   Kuzgi bambukzorga berkindi,
   Charchab, bir zumgina tin oldi
   Xazonrez shamol.
  
   ***
  
   Yaxshilab qara, huv ana!
   Koʻrayapsanmi chetan devor ostidagi
   Gullayotgan choʻpon gulini?
  
   ***
  
   Uzoq - uzoqlarda ibodatxonaning
   Qizil tomi koʻrinib turar
   Gullagan giloslar buluti aro.
  
   ***
  
   Hayotim kabi yengil,
   Guruch saqlash uchun qovoqdan yasalgan
   Shu boʻm -boʻsh idish.
  
   ***
  
   O, uygʻon, uygʻonsangchi ahir,
   Hech yoʻq sen hamrox boʻl menga,
   Charchab, uxlayotgan kapalak!
  
   ***
  
   Hayr yorim, hayr, yaxshi bor!
   Oydinda gullagan olxoʻrilarni
   Eslab turgin, yod et, unutma.
  
   ***
  
   Hoy mol baqayotgan bolalar!
   Sindirib, tugatmalaring,
   Xivich qilib olxoʻri shoxin!
  
   ***
  
   Koʻxna xovuz, kimsasiz jimlik.
   Birdan suvga sakradi baqa,
   Xalqalandi sukunatda suv.
  
   ***
  
   Dengiz suvi sovuq.
   Chagʻalay uxlolmasdan qiynalar,
   Toʻlqin uzra qalqib, chayqalib.
  
   ***
  
   Yarim tunda uygʻonib ketdim,
   Oshxonada suvi muzlab qolgan
   Shisha idish yorilgan mahal.
  
   ***
  
   Shaharda yangi yil bozori gavjum,
   Qani endi, men ham borsaydim,
   Tutatqi - isiriq sotib olsaydim.
  
   ***
  
   Giloslar gullab yotgan tomonda
   Jranglaydi hamon qoʻngʻiroq.
   Ueno yo Asakuso tomonda balki.
  
   ***
  
   Kun boʻyi pishgan bugʻdoyzor ustida,
   Vijir -vijir qilib toʻxtamay,
   Sayrab, sira toʻymadi toʻrgʻay.
  
   ***
  
   Daraxtning shoxida boʻm -boʻsh qush ini.
   Qaramoq qaygʻuli, qachonlardir koʻchib ketgan
   Qoʻshnimning xuvillab yotgan uyiga.
  
   ***
   Tunda shamni asta yoqar ekansan,
   Xuddi chaqmoqni ushlab turganday
   Tuyulding menga.
  
   ***
  
   Yaqinda olamdan oʻtgan ayolning,
   Chetan devorida ochilgan oppoq
   Guli ham menga sovuq tuyuldi.
  
   ***
   Qishilishton kimsasiz kulbaning,
   Chirigan ustunini taqillatayotir
   Toʻxtovsiz va ayovsiz choʻqib.
  
   ***
  
   Qishloqqa kuz tashrif buyurdi yana.
   Oʻtloqda shoshilmay, sekin odimlaydi
   Oyoqlari uzun qarqara.
  
   ***
  
   Dexqon sholi yanchishdan toʻxtab,
   Toʻlin oyga termuldi uzoq
   Kuzgi xirmonda.
  
   ***
  
   Gulxan olovida quritayapman
   Yomgʻirda ivigan kiyimlarimni,
   Kuzgi sovuq izgʻirin...
  
   ***
  
   Koʻtarmoqda ohista qaddin,
   Boyagina yomgʻir payxon qilgan
   Kuzgi xrizantema gullari.
  
   ***
  
   Iltimos, may toʻldirilgan qadaxga
   Loy tushirmay uchinglar,
   Ey qaldirgʻochlar!
  
   ***
  
   Gullayotgan gilos ostida,
   Xuddi rol ijro etayotgan akter kabi,
   Tunash uchun choʻzilib yotdim.
  
   ***
  
   Giloslar qiygʻos gullagan.
   Tong boʻlsa, oʻsha oʻsha, begʻam,
   Ohista oqarar togʻlar ortida.
  
   ***
  
   Faqat koʻprik qoldi
   Koʻzdan yoʻqolmagan.
   Shovullaydi bahor yomgʻiri...
  
   ***
   Goʻyo hozir, unga javoban
   Qoʻngʻiroq ham zingʻillab qolar.
   Hazin zuvillaydi zuvildoq.
  
   ***
  
   Kuzataman qirgʻoqda gʻamgin,
   Baliqchilar qayiqda yoqqan
   Chiroqlar marjoni suzar zulmatda.
  
   ***
  
   Pechakgullar ochilib yotar.
   Boʻyni ingichka qovoqlar esa,
   Oʻxshamaydi biri ikkinchisiga.
  
   ***
  
   Yoʻq, men topa olmadim,
   Senga oʻxshash narsani hali,
   Yangi chiqqan oy!
  
   ***
  
   Bulutlar qilt etmay turibdi,
   Osmonning teng yarmini qoplab.
   Chaqmoqlarni kutmoqda ular.
  
   ***
  
   O, ularning koʻpligini!
   Son -sanoqsiz chechaklar!
   Yana hammasi har -xil gullabdi!
  
   ***
  
   Oʻz hayotini oʻrabdi
   Koʻprik ustunlariga
   Uvadagullar...
  
   ***
  
   Hayr! -dedim men kimgadir,
   Kimdir hayrlashdi men bilan.
   Kiso togʻlarida kezib yurar kuz.
  
   ***
  
   Top etib yerga uzilib tushdi,
   Kashtan daraxtining toʻpchasi.
   Men uni doʻstimga sovgʻa qilaman.
  
   ***
  
   Mana, guruch ham tugadi.
   Endi guruch saqlaydigan idishga
   Gul oʻtqazaman.
  
   ***
  
   Doʻstim oʻyqlab kelsa, yaxshi boʻlardi,
   Shu gʻamgin yolgʻizlik sukunatida.
   Kuzgi yaproq uzilib tushdi.
  
   ***
  
   Chiroq oʻchgan, zimiston kulba,
   Bir kishilik sovuq, yarimta adyol.
   Oʻransang, goʻyo chaqaman deydi.
  
   ***
   Gʻir gʻir esar tungi shabada.
   Suvni xalqalaydi, sakraydi baliq.
   Choʻmilaman oydinda yolgʻiz.
  
   ***
  
   Qish kechasi, yolgʻizlik.
   Suyanaman, shiftga boqqancha
   Kulbam oʻrtasidagi ustunga.
  
   ***
  
   Hamon pishillab oʻtga tomayotgan,
   Achchiq -achchiq koʻz yoshlarimdan
   Oʻchib qolmasaydi gulxan choʻgʻlari.
  
   ***
  
   Yakuniga yetdi bahor ham.
   Jiqqa yoshga toʻldi xovuzda,
   Biltanglagan baliqlar koʻzi.
  
   ***
  
   Kechki qoʻngʻiroqlar jarangi...
   Oʻshani ham eshitolmaysan
   Bu kimsasiz ovloqda shomlar.
  
   ***
  
   Mening yoʻl aniqlagichim -
   Uzun -uzun oʻt -oʻlan oʻsgan
   Oʻtloqdagi oʻroqchi odam.
  
   ***
  
   Kuzgi xirmonlarda don yanchiyotib,
   Uzoq -uzoqlarda oh chekayotgan
   Kakku ovozini tinglamoq rohat.
  
   ***
   Hoy, podachi, podani xayda
   Huv anavi tomonga,
   Kakku sayrayotgan yoqlarga!
  
   ***
  
   Shiddatli bahor yomgʻiri!
   Boʻtana suv, quturib, toshib,
   Shavaqi shovvani koʻmib tashladi.
  
   ***
   Oh, qanday rohat!
   Sholipoya, yashil sholilar!
   Jildiraydi qaerdadir suv.
  
   ***
   Quyilish dorvozasi tomonda
   Uzunoyoq qarqarani koʻkragiga qadar,
   Koʻmar soʻlim dengiz suvlari.
  
   ***
  
   Shovullaydi oydinda dengiz.
   Somon yoʻli esa, choʻzilgan
   Uzoqdagi Sado oroligacha.
  
   ***
  
   Hijron haqidagi xaykuni
   Yelpugʻichga yozayotsam, kutilmaganda,
   Qirs yetib qoʻlimda sinib qoldi u.
  
   ***
   Oʻlgan jangchining chirib, teshilgan
   Xarbiy dubulgʻasi ostida begʻam
   Kuylar chirildoq.
  
   ***
   Manashu bujur tosh qachonlardir
   Siyoxdoni boʻlgan biror shoirning.
   Oʻydigʻida yaltirar shudring.
  
   ***
  
   Ninachi uchyapti, uchyapti hamon,
   Qoʻna olmay, shamolda egilayotgan
   Kurmak novdasiga.
  
   ***
   Dexqonlar, hayqirib, daladan quvgan
   Chumchuqlar galasi panox topdi oxir,
   Choy butalari orasidan.
  
   ***
   Semiz choʻchqani ham uchirib ketar,
   Qishki qor qoplagan dalalarda
   Charx urgan bu shiddatli quyun.
  
   ***
  
   Oʻltiraman kulbamda yolgʻiz,
   Xuddi kimdir nogʻora chalayotganday,
   Tomning tunukasin taqirlatar doʻl.
  
   ***
  
   Men qarsak chalgan mahal,
   Aks -sado yangragan yoqda
   Porlar toʻlin oy.
  
   ***
  
   Yolgʻiz, pastak kimsasiz kulba.
   Hatto qizilishton ham
   Taqillatmas uning eshigin.
  
   ***
  
   Sen ham koʻrgan eding va sevar eding
   Yangi chiqqan oyning oʻrogʻin, doʻstim.
   Endi u mozoring ustida porlar.
  
   ***
   Uzoq mehmon boʻlmay,
   Ketib qoldi magʻrib tomon oy,
   Xontaxtani yolgʻiz qoldirib.
  
   -----
   Kobayasi ISSA .
   ----
  
   ***
  
   Qiygʻos gullayotgan giloslar,
   Majbur qildi otdan tushishga
   Kaltafaxm amaldorni ham.
  
   ***
  
   Dalalarga qoʻndi yovvoyi gʻozlar.
   Tomoshabin odamlarni
   Ado qilib boʻlmaydi sanab.
  
   ***
  
   O, qanchalar gʻamginlik bilan,
   Kuzatmoqda kapalakning
   Ozod parvozini qafasdagi qush!
  
   ***
   Kuz shamoli keltirdi
   Bir quchoq xazon,
   Oʻchoqqa yoqmoq uchun.
  
   ***
  
   Shudring koʻzdan gʻoyib boʻldi,
   Uchib ketdi, nopok bu dunyoda
   Qiladigan ishi qolmaganday.
  
   ***
   Dexqonlarga ham hayronman.
   Ular oʻrnatgan dala qoʻriqchilarining
   Hammasi qiyshiq.
  
   ***
   Bu qoʻziqorinning zaharli ekanini va,
   Yeganki odamni oʻldirishini
   Bilardim, avvaldan bilar edima!..
  
   ***
   Yil oxirlab qolgan paytlar
   Qogʻoz qanot chiqarib, birdan
   Uchib ketdi qaygadir pullar...
  
   ***
   Yehhey, necha kun yumaladi ekan
   Bu shoʻrlik poʻrtaxol mevasi
   Tekislikka tushguncha togʻdan?!
  
   ***
   Arshi A'lodan tushayotganday,
   Oydinda ohista yerga qoʻnayotgan
   Oppoq gilos gulpallalari.
  
   ***
   Xaydamanglar qovoqarini!
   Axir u uzoqlardan kelgan,
   Oʻtloqdagi gullarni yoʻqlab.
  
   ***
   Choshgoh payti soyada yotib,
   Jazirama dalada ishlayotgan,
   Odamlarga hurmatim ortdi.
  
   ---
   Yosa BUSON .
   ---
  
   ***
  
   Oydin kecha. Sayraydi boʻlbul
   Kichkina tumshugʻini
   Boricha ochib.
  
   ***
   Toʻrgʻay sayrar toʻliqib, toshib,
   Uzoq termuladi koʻkka samuray,
   Yengini koʻziga soyabon qilib.
  
   ***
  
   Iliq bahor oqshomi.
   Yoʻlovchilar oʻtdi, oy porlayotgan,
   Bulbul chax -chax sayrayotgan payt.
  
   ***
   Yugirik dengiz toʻlqinlari yuvar,
   Xurpaygan oppoq qarqaraning,
   Uzun -uzun oyoqlarini.
  
   ***
   Oh, qanchalar maza!
   Kechsang yozgi tiniq suvlarni,
   Shippagingni qoʻlinga olib.
  
   ***
  
   Ikki yoki uchta gulpalla
   Bir -birining ustiga tushdi.
   Pion guli toʻkilayotir.
  
   ***
  
   Tungi pashshaxonaga qamalgan,
   Yonarqurtlar uchdi zulmatda.
   Quvonchlarga toʻldi yuragim!
  
   ***
  
   Kuzgi boʻron.
   Novdalarga qoʻngan chumchuq galasi
   Muvozanat saqlaydi arang.
  
   ***
   Oqshom, shundoq jinkoʻchada
   Bon bayramiga ketayotgan yoʻlovchini,
   Quvlab qoldi qopogʻon itlar.
  
   ***
  
   Oy porlagan kecha koʻzi ojiz odam,
   Tasodifan menga turtinib ketib,
   Kulib yubordi.
  
   ***
  
   Hatto Xudo urgan qaroqchi ham,
   Joʻshib, qoʻshiq aytib yuborar
   Bunday yorugʻ oydin kechada.
  
   ***
  
   Oy tikkaga kelgan mahal.
   Kimsasiz koʻchada yuribman daydib,
   Yolgʻiz bir oʻzim.
  
   ***
  
   Qirgʻoqda bir oʻzim baliq tutaman.
   Gʻarib, gʻamgin xayoli parishon shamol
   Taranglashtiradi qarmoq ipini.
  
   ***
   Qorli tong.
   Yana quritilgan baliqni
   yeyman shekilli yolgʻiz bir oʻzim.
  
   ***
   Dengiz suvida suzib yurar
   mayda yaltiroq baliqchalar.
   Tutaman desang, yoʻq boʻlib qolishar.
  
   ***
   Shu qoyadan turib,
   koʻm - koʻk dengizga
   qalpogʻimni uloqtiraman!
  
   ***
   Qishki dala.
   Uzoqlarda yurar dexqonlar
   qolgan - qutgan choʻplarni yigʻib.
  
   ***
   Sochim oʻsibdi.
   Ozib ketdim, rangim olingan
   bugʻu oyidagi yomgʻir toʻxtamas.
  
   ***
   Banan yaproqlari soʻlgʻin.
   Oyning porlab chiqishini
   sargʻayib kuzatar dexqonlar.
  
   ***
   Yoʻllar toygʻoq muzlama.
   Attang, toyib yiqildi
   shirakayf doʻstim.
  
   ***
   Oʻlgan oʻgʻlin eslab yigʻladi ota.
   Soʻnayotgan gulxan choʻgʻlari
   oʻchib qoldi uning koʻz yoshlaridan.
  
   ***
   Egnimdagi qogʻoz koʻylagimni
   ivitib yirtibdi
   bahor yomgʻiri.
  
   ***
   Muzlagan olabugʻa baliqlari
   irjaytirib yotar tishlarin
   sovuq doʻkon peshtaxtasida.
  
   ***
   Qaydasan, ey mening tayanchim, oʻgʻlim?
   Xassa qilib olgan choʻpagimni
   sindirdi kuzgi shamol.
  
   ***
   Ufqlarga botmoqda quyosh.
   Kuzgi daryo suvlarida
   yaltillaydi mayda baliqlar.
  
   ***
   Choponim yupqa.
   Kun boʻyi oʻtirib, undagi bitlarni
   terib oʻldirdim.
  
   ***
   Juda qalin qor yogʻibdi.
   Endi Xakbinz togʻidan
   qanday oshib oʻtar odamlar?
  
   ***
   Yosinodagi gullagan giloslarni
   koʻrsataymi senga,
   mening qalpogʻim?
  
   ***
   Oxir quvib yetdim nihoyat,
   oʻtgan bahorni
   olis Vaka bandargoxida.
  
   ***
   Voy bayov!.. Voy bayov!..
   Yana nima deyish mumkin siz haqingizda
   Yosinodagi gullagan giloslar?!
  
   ***
   Ustunlariga has - xashak ilingan
   koʻprik hayrlashayotir
   toʻlin oy bilan.
  
   ***
   Qaydan keldi bu yalqovlik?
   Bugun arang uygʻotishdi meni,
   shovullaydi bahor yomgʻiri.
  
   ***
   Quvonchla boqamiz yonarqurtlarga,
   qayiqchidan umid yoʻq, u mast.
   Toʻlqinlar qayiqni surib bormoqda.
  
   ***
   Oydin qish kechasi,
   qor bosgan yoʻllar.
   Itga otay desam topilmaydi tosh.
  
   ---
   Kobayasi Issa
   ---
  
   ***
   Kechib oʻtdim sayoz va toshli,
   feruzarang daryo suvlarin,
   shippagimni qoʻlimga olib.
  
   ***
   Oydin kecha.
   Tiniq sholipoya suvida
   oqib yurar gilos gullari.
  
   ---
   Kovaxigasi Xekigado
   ---
  
   ***
   Suzayotir qora kemaday,
   sekin asta bulutlar aro
   togʻning choʻqqisi.
  
   ***
   Shilliqqurtning sira
   chigʻanogʻidan chiqqisi kelmas.
   Kuzgi shamollar...
  
   ---
   Masaoka Siki
   ---
  
   Gullagan Yamabuka soyasi.
   Suv solingan qovoqda
   biltanglaydi kumushrang baliq.
  
   ***
   Kimsasizlik.
   Daraxt ostidagi shaloq oʻrindiqda
   qaragʻayning igna barglari.
  
   ---
   Nayto Meysesu
   ---
  
   ***
   Qaytarib keladi oʻz ovozimni
   yana oʻzimga
   kuzgi boʻronlar.
  
   ***
   Yurmayotgan otining
   jilovidan tortar zoʻr berib
   aravakash sovuq kechada.
  
   ***
   Eshitilar darcha ortidan
   dexqon ketmonining chiqirlashlari.
   Shudgorda tosh koʻp.
  
   ***
   Zilol suvli azim daryoda
   lapanglab oqmoqda
   suvga qulatilgan xodalar.
  
   ***
   Tutunlarda koʻrinmay ketar
   sargashta roxib.
   Olislarda qoʻngʻiroq tovushi...
  
   ***
   Chugʻurchuqlar galasi
   uchib oʻtdi tepamdan.
   Eshitdim qanotlar shuvillashini.
  
   ***
   Menga sovgʻa berishdi.
   Oltin baliqchani olib ketyapman
   suvli qovoqda.
  
   ***
   Qish yomgʻiri.
   Hamma narsa jim.
   Qirgʻoqdagi qayiq ham hatto.
  
   ***
   Goʻyo kapalaklarni oldiga solib,
   xaydab kelayotganga oʻxshar
   soʻqmoqdagi yoʻlovchi.
  
   ---
   Taneda Santoka
   ---
  
   ***
   Shunday ketmoqdaman,
   soʻzanakni qalpogʻimga
   qoʻndirganimcha.
  
   ***
   Yolgʻiz oʻtiribman,
   romga yelimlab
   yangi qogʻozni.
  
   ***
   Qanday va qayoqdan qaramayin,
   hamon yogʻayapti toʻxtamay,
   yogʻayapti qor.
  
   ***
   Chirildoqlar chirillar.
   Berkinishning iloji yoʻq
   bu tovushlardan.
  
   ***
   Uchyapti, hamon uchayapti
   kuzgi daraxtlarning sargʻaygan
   yaproqlari sovuq shamolda.
  
   ***
   Dam olib yotgan chogʻim
   qip qizil soʻzanak
   oyogʻimga qoʻndi oʻtloqda.
  
   ***
   Yaxshilab chaynash kerak,
   xafsala bilan.
   Guruch bu guruchda...
  
   ***
   Boʻkib sake ichib, mast boʻlib,
   chirildoqlar bilan birga
   uxlab qolibman.
  
   ***
   Yozgi sel shovqini.
   Yillar oʻtishi bilan men kabi
   sel ham qaribdi.
  
   ***
   Ayozli qish kechasi,
   sovuq izgʻirin.
   Men qaerda tunayman endi?..
  
   ***
   Qayoqqadir shoshar
   sovuq bulutlar
   cheksiz osmonda...
  
   ***
   Dalada izgʻirin.
   Toshlarni teraman
   kuzgi shamolda...
  
   ***
   Qanday ivib ketdima
   boyagina huv anavi,
   bulutlardan yoqqan yomgʻirda!..
  
   ***
   Uziliksiz kavshanaman.
   Mening ovqatim -
   guruch kepagi.
  
   ***
   Hoy, noinsof chigirtka,
   xaltadagi guruch oʻzi oz,
   ertagacha yetsin...
  
   ***
   Yemoqqa ovqat yoʻq.
   Kuzataman quyoshni gʻamgin
   baland, olis togʻlar ortiga...
  
   ***
   Yolgʻiz, begʻam, oppoq kapalak
   Uchib aylanmoqda pildirab.
   Hamma yoqda tosh.
  
   ***
   Kulbam ayvonida yolgʻiz oʻltirib,
   rohatdan koʻzlarim yumib, kavshanib,
   Uembosi qiyomin yeyman . . .
  
   ***
   Yolgʻiz va sokin
   jim - jit oʻngirlarning
   shaffof tonglari . . .
  
   ***
   Iyul jalasi.
   Oʻprilib ketdimi deymanda,
   osmon toʻgʻoni . . .
  
   ***
   Xotiralar uchib kelar
   qaydandir birdan
   oppoq yuvosh kapalak bilan . . .
  
   ***
   Atrof togʻ, qaragʻay oʻrmoni.
   Toshni yostiq qilib yotibman.
   Shosha pisha suzar kuzgi bulutlar. . .
  
   ***
   Tungi ibodatxonada
   tongacha mushuk
   oʻynadi parvona kapalak bilan.
  
   ***
   Yoʻlda kasal boʻlib qoldim.
   Mana endi tungi zulmatda,
   tinglayapman sel shovqinini . . .
  
   ***
   Qorongʻi tushdi.
   Endi oydin togʻlardan
   axtaraman tunamoqqa joy.
  
   ***
   Naxot shu kul qolgan boʻlsa
   yoqib yuborilgan kundaligimdan ?. . .
  
   ***
   Tong pallasi yirik tomchilar
   nogʻora qilib chalar
   pastakkina kulbam tomini.
  
   ***
   Meni burga chaqib, uxlatmayapti,
   yulduz toʻla bepoyon osmon . . .
  
   ***
   Dengizlarga tikilganimcha
   sohildagi oʻtloqda
   boʻshanaman , xojat qilaman.
  
   ***
   Kuzgi shamollarda
   Ot sugʻoraman . . .
  
   ***
   Choʻchqa menga tikildi.
   Qiziqishdan ochilgan ogʻziga
   kirmoqda kuzgi shamol .
  
   ***
   Kun boʻyi yomgʻir yogʻdi .
   Men oʻyladim hasratga choʻmib ,
   olislarda qolgan Vatanimni.
  
   ***
   Buncha ham mazali
   boʻlmasa guruch .
   Kavshanaman bir oʻzim oʻychan.
  
   ***
   Oftob qizdirmoqda
   ustarada taglab qirilgan
   taqir boshimni...
  
   ---
   Isikava Tokuboku
   ---
  
   ***
   Turgenevning romanini
   poezdda oʻqib ketayotib,
   Isikari dan oʻtib ketibman.
  
   ---
   Midzuxara Syuosi
   ---
  
   ***
   Qishloq uzra gʻamgin porlagan oyni,
   tomosha qilmas hech kim.
   Barcha sholi oʻrimida . . .
  
   ***
   Olmalar gullagan.
   Boyagina yoqqan bahor selidan keyin,
   oppoq gul qopladi sohil suvlarin.
  
   ***
   Oy porlar .
   Qayinlar soyasi sezilmas ,
   tumanlarga choʻmgan qayinzor.
  
   ***
   Bahorni kuzatayapman
   yomgʻirlarda shalobbo ivib,
   bulutlar bilan yuzma - yuz , togʻda.
  
   ***
   Yomgʻirli kun.
   Oqin boʻylab oqar xrizantemalar
   koʻrinmaydi bironta qayiq.
  
   ***
   Choy gullaydi baland qoyada.
   Shom zulmati qoplagan togʻlar.
   Olislardan koʻtarilar oy.
  
   ***
   Qaldirgʻochlar chiyillab uchar,
   gir aylanib, togʻdagi kulbamning,
   tomi ustidan.
  
   ***
   Xagi gullayotgan
   Asama togʻiga chiqaman
   bulutlarni goʻyoki qayrib . . .
  
   ***
   Baland jarlar aro, toʻlqinlar uzra,
   chagʻalaylar ini yonida
   olxoʻri gullar . . .
  
   ***
   Berkinadi oʻt - oʻlan ichra
   tunash uchun oʻtloq kakkusi ,
   yaqinlashar tun . . .
  
   ---
   Akutagava Ryunoske
   ---
  
   ***
   Mana tong otdi.
   Qoʻshigʻini toʻxtatib, birdan ,
   chirildoq jimib qoldi.
  
   ***
   Togʻ etaklarida
   yumilib qolibdi sovuq ayozdan ,
   choy gʻunchalari.
  
   ***
   Qishki yomgʻirlar.
   Kanal qirgʻogʻidagi choyxonada
   yolgʻiz bir mehmon . . .
  
   ***
   Bogʻ yoʻlakchasidagi
   koʻlmakda aks etar.
   Azaliya gullari . . .
  
   ---
   Nasume Soseki
   ---
  
   ***
   Men kasal yotgan xonaning
   bambuk pardasiga ohista qoʻndi
   kuzgi kapalak.
  
   ***
   Kuzgi daryo, baland sohillar.
   Daryo uzra aks - sado yangrar.
   chayla qurishyapti uzoqda.
  
   ---
   Iida Dakosu
   ---
  
   ***
   Pechka eshikchasin ochib, qarasam,
   koʻmir oxista, istamaygina,
   qraq, qraq -deya yonmoqda ekan. . .
  
   ***
   Shamolda chayqalib, jaranglar
   eshikka osilgan mitti qoʻngʻiroq.
   Anor gullabdi . . .
  
   ***
   Pashshaxonaga kirib yotibman.
   Soʻnayotir kuzgi saharda
   oʻchoqdagi kechagi choʻgʻlar . . .
  
   ***
   Qor koʻmib tashladi
   barcha yoʻllarni.
   Isinaman oʻchoq oldida yolgʻiz . . .
  
   ---
   Nayto Meysesu
   ---
  
   ***
   Shaffof suvda
   qilt etmaydi mudroq baliqlar.
   Kuzgi shamol . . .
  
   ---
   Takaxama Kyosi
   ---
  
   ***
   Guvillagan sovuq shamolni,
   koʻksim bilan qarshi olib .
   bir zumga unutdim qariganimni . . .
  
   ***
   Hademay jimib qolar
   oʻtinchining boltasi togʻda.
   Kuzgi yomgʻirlar . . .
  
   ***
   Loyqalatib ariq suvini,
   dexqon sholgʻom yuvar
   hafsala bilan . . .
  
   ***
   Birinchi qish yomgʻiri.
   Mening yuragimda umrbod
   qolar endi u . . .
  
   ***
   Boshim uzra uchib oʻtdi qush,
   tumshugʻida nimadir choʻqib.
   Meva shekilli . . .
  
   ***
   Mana , yana bitta chinor novdasi,
   yaproqlarin toʻkib, yalangʻochlandi . . .
   Suv quyganday jim jit chor taraf.
  
   ***
   Baland togʻ yonbagʻirlaridan turib,
   oʻtinchilar oʻychan termulib qarar,
   vodiydagi qolgan qutgan qorlarga . ..
  
   ---
   Kovaxigasi Xekigado
   ---
  
   ***
   Oyogʻim ostida oʻralashib ,
   oʻsib yotgan maysalar aro
   chiyillaydi mitti joʻjalar.
  
   ***
   Men tun boʻyi xayku yozaman.
   Kamsuqumgina xotinim esa,
   kiyimini yamab - yasqaydi . . .
  
   ***
   Oʻtloqqa chiqaman.
   Qizgʻaldoqlar toʻzgʻir shamolda
   va suqsirlar uchib oʻtar sarosar. . .
  
   ***
   Kartoshka qaynataman.
   Goʻyo qaydadir, koinotning boʻshliqlarida
   yigʻlar bolakay . . .
  
   ***
   Qoraygan oʻchoq moʻrisi uzra
   aylanadi inga joy izlab
   qaldirgʻochlar bahorda . . .
  
   ***
   Qishloqda bayram,
   qirmizi fonuslar yonar.
   Boʻkiradi bugʻu zulmatda . . .
  
   ***
   Suv charxpalagin aylantirishdan,
   charchab holdan toydi odamlar
   sholi ekish mavsumida . . .
  
   ***
   Bugʻda pishirilgan sholgʻomni
   Suzmaga qoʻshib yeb,
   oʻltirdim gʻamgin . . .
  
   ***
   Sovuq suyagimdan oʻtib ketdi.
   Choshgox payti sohilda
   qaragʻaylar aro daydiyman hamon.
  
   ---
   Isikava Takuboku
   ---
  
   Kasalxona derazasiga
   yaqin olib kelishdi meni.
   Odamlarni koʻrib, quvondim.
  
   ***
   Oxiri uloqtirdim
   kuya yegan telpagimni men.
   Olti yil kiydim uni.
  
   ---
   Toki Dzemmaro
   --
  
   ***
   Uzoqlarni koʻrsatdim barmogʻim bilan,
   u yoqlarda, u oʻlkalarda
   oqib yotar Volga daryosi.
  
   ***
   Uziliksiz, xuddi telbadek,
   oʻylayverdim achchiq tamaki chekib,
   olis Sibir qorlari haqda.
  
   ***
   Qayta - qayta oʻqiyman koʻzlarimda yosh,
   yurakka yaqin Turgenevning bu kitobini.
   Muqovasi sargʻayib ketgan...
  
   ***
   Oh, necha bor oʻchdi papiros choʻgʻi,
   Hasratli oʻylar -
   Achchiq Rus tamakisi, qish...
  
   ---
   Nasivaki Dzyundzaburo
   ---
  
   Kuzgi daryo qirgʻogʻi.
   Uzun uzun oʻt - oʻlan ichra
   Baliq tutar qarmoqda kimdir.
  
   ---
   Masaoka Siki
   ---
  
   ***
   Chirildoqlar chirillar,
   ammo ming afsus
   quloqlari kardir otamning...
  
   ***
   Qishloqdan shaharga kelib,
   gullagan gilosni tomosha qilayotgan
   dexqon hamyonini kesib ketishdi...
  
   ***
   Rangpar oy.
   Mening birdan
   tarvuz oʻgʻirlagim keldi negadir.
  
   ***
   Oʻgʻrini tutib,
   simyogʻochga bogʻlab qoʻydilar.
   Tungi ayoz...
  
   ***
   Qish oqshomi.
   Xovuzdagi oʻrdaklar ustiga
   qor yogʻayotir.
  
   ***
   Shom payti qiynalib yurib,
   fonusni osdim
   gullayotgan gilos shoxiga...
  
   ***
   Tumanlarning qa'ridan chiqdim.
   Ehhe, qanchalar buyuk dengiz
   roʻparamda yastanib yotar!
  
   ***
   Yozgi daryo.
   Koʻprik boru lekin,
   otlar oʻtar sayoz kechuvdan...
  
   ***
   Odamlar koʻpchilik boʻlib,
   yotib olgan kema saxniga.
   Porlar yozgi oy...
  
   ***
   Ortimga oʻgrilgan paytim,
   hozirgina yonimdan oʻtgan yoʻlovchi
   tumanlarda koʻrinmay ketdi...
  
   ***
   Qayiqdan, koʻpriklardan
   kir yoyadigan joydan,
   hamma yoqdan qararlar oyga...
  
   ***
   Bahor oqshomi.
   Kimdir oʻtdi yonimdan
   sibizgʻa chalib...
  
   ***
   Qanday qaygʻuli koʻrinish!
   Oʻrgimchak toʻriga
   kapalaklar ilinib yotar...
  
   ---
   Saygyo she'riyatidan:
   Tankalar
   ---
  
   ***
   Duvillab toʻkildi
   uzun uzun oʻt - oʻlanlardan.
   billur shudringlar.
   Kuzgi shamol guvillar
   Myagino dalalarida.
  
   ***
   Kech kuzak osmoni,
   qosh qoraygan on,
   arang - arang yaltirab,
   koʻrindi nihoyat uzoq kutdirgan,
   sogʻintirgan oy.
  
   ***
   Endi qandoq qilaman men,
   koʻylagimning namchil yengida
   yalt etdi shu'la.
   Botib ketdi bulut ortiga
   kuzgi mayus oy.
  
   ***
   Kuz oqshomi, oydinda
   yoprildi bulutlar
   oy yuzin toʻsmoq uchun.
   Yoʻq, koʻzlarimni aldabdi
   gʻozlar galasining koʻlankalari.
  
   ***
   Osmonda oy yoʻq.
   Chiqarmikin u ?
   Men ayvonda oʻltirganimcha
   uzoq kutdim, juda ham uzoq
   oy chiqishin togʻli qishloqda.
  
   ***
   Kunduzgiday yop - yorugʻ kecha
   koʻlankam ham koʻrinmas.
   Oy yaraqlab porlar
   borar manzilimni angladim
   qoʻngʻiroqlar tovushidan.
  
   ***
   Shudringlarin toʻkmay,
   uzib oldim men
   gullagan Xagi butogʻini,
   chigirtkalar qoʻshigʻin tinglab
   oy yorugʻida.
  
   ***
   Qora siyox bilan yozilgan
   xatlarga oʻxshab
   gʻozlar qanot qoqib,
   gʻogʻolab uchar
   tungi osmonda.
  
   ***
   Oʻt - oʻlanlarni qayrib,
   yurdim qaygʻuga botib.
   Shudringlardan ogʻirlashdi
   koʻylagim yengi.
   Chigirtkalar menga qoʻshilib yigʻlar.
  
   ***
   Bahor tumanlari.
   Qayoqqa, qaysi tarafga
   uchib ketdi ekan qirgʻovullar?
   Ular tuxum qoʻygan oʻtloqqa
   bolalar oʻt qoʻyibdi...
  
   ***
   Tuman qoplagan dala.
   Oʻraman oʻt - oʻlanni.
   Tumanlar qaygʻuli.
   Bolaligim berkinib olgan
   huv olisda , tumanlardan ham narida.
  
   ***
   Tumanli tepaliklar tomonga
   berkingan qirgʻovullar.
   Uzoq - uzoqlardan
   qanotlar sharpasi
   sezilar menga...
  
   ***
   Tinchim yoʻqolgan mening.
   Tinimsiz oʻylayman, qaysi oʻngirda
   qaysi togʻ yonbagʻirida
   qaysi olcha
   gullar ekan birinchi boʻlib?..
  
   ---
   Vakayama Bokusiy yozgan tankalar
   ---
  
   ***
   Vulqon poyida oʻsgan
   qaragʻay oʻrmoni tepasida oy
   kumush shu'lalar taratgan kecha
   tun boʻyi tinmay
   sayradi kakku.
  
   ***
   Eski kvartalda,
   ufqdagi shom bulutlariga
   qarab toʻymayman .
   Kechki soat vaqtin xabarlab,
   jom chaladi ibodatxona.
  
   ***
   Sajdagoxdan tushaman ,
   zinama - zina yurib, ohista
   va quyuqlashayotgan zulmatda
   butun vujudim bilan
   his qilaman bu kuz , bu tunni . . .
  
   ***
   Shom hasrati choʻkkan kulbada
   qirmiz koʻmirlarga sochsang
   ozgina sake,
   hushboʻy koʻkatlarning xidiga
   toʻlib ketar oʻshanda xonang .
  
   ***
   Uzoq uzoqlarda qorli choʻqqilar.
   Haybatli qoyalar poyida esa
   shovullaydi dolgʻali dengiz.
   Qirgʻoq boʻylab sayr qilaman
   bahor quvonchiga toʻlib vujudim.
  
   ***
   Yarim kecha oydinda yolgʻiz
   kulbamga qaytaman.
   Soʻng zinapoyada toʻxtayman,
   yengimdagi archa ignabarglarin
   qoqib tushirmoq uchun.
  
   ***
   Bulutlar tarqadi.
   Men Asama choʻqqisidagi
   soʻqmoq uzra yuribman daydib.
   Vulqon moʻrisi ustida
   bulut parchasiga oʻxshagan tutun.
  
   ***
   Termulaman koʻm - koʻk dengizga,
   eshitaman suvlar shovqinin.
   Toʻlqinlar qoyaga oʻzini urar,
   goho koʻkka sapchib , gohida pastlab,
   yuragimni toʻldirar gʻamga.
  
   ***
   Dud burqsigan loypaxsa oʻchoq.
   Tutun xidi kelar
   kurujkadagi qaynoq suvdan.
   Togʻdagi qishki kulbada sovir
   gʻaribgina kechki ovqatim.
  
   ***
   Daraxt shoxlari aro
   porlaydi qishki quyosh.
   Yuzlarimni ohista silar
   uning xorgʻin nurlari.
   Yoritadi , lekin isitmas !
  
   ***
   Men uzoqqa ketdim .
   va dengiz sohilida
   tunamoqchi boʻldim.
   Endi yotgan edim, yarim kechasi.
   Sharros quydi daxshatli jala.
  
   ---
   Yosii Isamu
   ---
  
   ***
   Havoda suzadi tamaki xidi,
   oydin kecha, kimsasiz yoʻllar.
   Jubbamga burkanib, yuribman, daydib
   qingʻir - qiyshiq jinkoʻchalarda.
   Gion xavosidan simirib yolgʻiz . . .
  
   ***
   Poytaxtda ayoz.
   Muzlab qolmadimikan uchib ketayotib
   qoʻngʻiroqlar jarangi?..
   Asta valdirayman
   sovib qolgan sake ustida . . .
  
   ***
   Bilganimda edi, oʻshal derazadan
   tumanli zulmatlar aro porlagan
   fonusning xira va xorgʻin yogʻdusi aro
   oydin sukunatda oynasin asta
   taqillatgan boʻlardim albat.
  
   ***
   Nahot hech kim kelmas oʻlganimdan soʻng
   soʻppayib yotgan yolgʻiz qabrimni
   ziyorat qilmoqqa, koʻz yoshi toʻkib?
   Oʻlganingdan keyin unutilishingni
   Oʻylamoq qaygʻuli . . .
  
   ***
   Yeshitdim , Bokusiy tark etibdi
   oxiri bu telba dunyoni.
   O, kuz bunchalar mayus va gʻarib,
   hattoki yurt ba yurt daydib yursamda,
   hatto yeb - ichsamda, huzurlansamda ! . .
  
   ***
   Kamdan - kam odamga nasib qiladi
   totib namxush qaygʻuni -
   lablar bilan his qilmoq
   tinimsiz ichilgan sake ta'mini
   hayot va mamotning chegarasida . . .
  
   ***
   Fevral oyi oxirlab borar,
   olis momaqaldiroq tovushi -
   bahorning ilk aks - sadosi.
   Krab chigʻanogʻida Sake qaynatyapman
   dengiz sohilida bir oʻzim, yolgʻiz.
  
   ***
  
   Qaerda , qanday va qachon ,
   tark etarkinman bu dunyoni men.
   Men hayotim haqida oʻylayman,
   oʻylayman oʻlimim haqida uzoq
   oydin Ino tekisligida.
  
   ***
   Iztirobli oʻylar ogʻushida jim
   oʻchoqqa oʻt qalayman, puflayman tutun
   va tun boʻyi bedor oʻltirib,
   hasratli bexudud oʻyga choʻmaman,
   qizargan koʻmirni kovlab, agʻdarib . . .
  
   ***
  
   Sening fikringa qoʻshilmagan
   odamlarni savalash shartmi?
   Yaxshisi qoʻlinga tolxivich olib,
   oʻz - oʻzingni ayovsiz savalab,
   momataloq qilgan yaxshiroq . . .
  
   ***
   Hasratli qaygʻular!
   Bugun yana oʻchoqdagi koʻmir choʻgʻida
   sake isityapman bir oʻzim yolgʻiz.
   Kundan kun tobora qishga
   singib borayotir Nirao darasi . . .
  
   ---
   Ito Satio
   ---
  
   ***
   Men yomgʻirli tunda
   pion gullarini sogʻinib ketdim .
   Soʻng toshfonarni yoqib, ohista
   tashqariga chiqdim, pion gullarini
   koʻrib kelmoqlik uchun.
  
   ***
   Koʻrayapman - tosh ustin yopib,
   va daraxtlar poyini qoplab,
   goʻyo birgalashib, yigʻilib,
   hamkorlikda chirpiramoqqa
   hozirlanar bargi xazonlar . . .
  
   ***
   Xorigan yer, charchagan osmon
   tong otguncha uyquga ketar.
   Zulmat quyuqlashar
   va bepoyon dengiz ustidan
   begʻamgina koʻtarilar oy . . .
  
   ---
   Simaki Akaxiko
   ---
  
   ***
   Gullayotgan oʻtloqlar aro
   oʻt - oʻlanli soʻqmoqdan yurib,
   yetib keldim bugʻdoyzorga men.
   Va xoʻrsinib, dedim: -Jim - jitlik!
   oʻrdak gʻaqilladi menga javoban . . .
  
   ***
   Yarim kecha
   quyuqlashgan tumanlar aro
   sizar yogʻdular
   va sirgʻalgan oy shu'lasida
   gʻira - shira jilvalanar suv . . .
  
   ***
   Oʻrmon sayxonligidagi
   uzun uzun oʻt -oʻlan oʻsgan oʻtloqda
   oʻylanib oʻltirib, yolgʻiz bir oʻzim
   togʻli oʻlka bilan xayirlashyapman.
   Qaygʻuli va ogʻir bu yurak uchun.
  
   ***
   Chiroq shu'lasiga talpinganicha
   parvonalar aylanar uchib.
   Uyda, men bilan yonma - yon,
   bolalarim uxlar
   eski - tuskilarga oʻranib, qotib . . .
  
   ***
   Yomgʻir tindi, yorishdi osmon.
   Shundan boʻlsa kerak,
   havo toza, muzdek musaffo.
   Guruch qogʻozining qirgʻoqlarida ,
   yonib tugayotir botish shu'lasi . . .
  
   ***
   Jim kimsasiz tungi koʻchalar.
   Soʻngan kullar qurumi bosgan
   oʻchoq moʻrisining qirgʻoqlarini
   qirov bilan bezar
   izgʻirin ayoz . . .
  
   ***
   Uzoq uzoqlardan, zulmat qa'ridan
   elas - elas eshitilar quloqqa
   toʻlqinlarning boʻgʻiq shovqini.
   Daraxtlar soyasi choʻzilib yotgan
   oydinda raqs tushar dexqonlar.
  
   ***
   Yozayapman , yozayapman ,
   qorongʻi tushsa ham oy shu'lasida.
   Hatto chiroqni yoqish uchun ham
   oʻrnimdan turgim kelmas.
   Yolgʻiz qarshilayman oqshomni shunday . . .
  
   ***
   Dalalarda erib ketdi qor,
   qoʻngʻir tuproq yalongʻochlandi
   va osilib turar yer uzra
   botayotgan quyosh lappagi.
   Koʻrinishi kichik va sovuq . . .
  
   ---
   Nagasuka Takasi
   ---
  
   ***
   Dala ortidagi zovurda
   boshlarini chiqarib suvdan
   baqalar kuylaydi.
   Bahorgi oʻrmonlarda esa,
   kalinalar gullabdi oppoq .
  
   ***
   Uy oldidagi bogʻda
   sukunatli sokin tumanlar.
   Tongi gʻira - shirada
   badyan shoxlaridan toʻkilgan
   xazonlarni supuraman jim.
  
   ***
   Loviya palaklari
   yigʻishtirib olingan.
   Kuzgi daladagi
   toʻrsaygan kulrang tikanlar aro
   chigirtkalar chirillar gʻamgin . . .
  
   ***
   O ,Kameliya guli ,
   muzlab sovqotding ,
   sovuq shamolda.
   Senga xech kim achinib boqmas .
   Oʻxshash bizning taqdirlarimiz . . .
  
   ***
   Bugun tunda jarangdor
   ovoz bilan kuylar chirildoq.
   Qaerdadir shu yaqin atrofda -
   balki , misol uchun , oshxonada , yoki
   sabzovot solingan toʻrvada kuylar. . .
  
   ---
   Koidzumi Tikasi
   ---
  
   ***
   Botayotgan kunning shu'lasi
   qirmizi yongʻinday shomgi togʻlarda.
   Bambuklarning qoraygan
   soyalari esa aks etar
   qogʻoz devorda . . .
  
   ***
   Qoʻshnilar meni
   bugʻli xammomida choʻmilish uchun
   taklif qilishdi.
   Qaytayotib osmonga boqdim,
   uchqunlardi qor . . .
  
   ***
   Qadrdon doʻstimni
   ziyorat qilgani bordim.
   Juda erta ochilibdi
   oppoq moychechaklar
   chetan devorli bogʻlarda.
  
   ***
   Fonarni oʻchirib
   boraman tong sahar chogʻi
   va koʻraman olisda
   oppoq tumanlar bulut singari
   yumalanib suzar yer uzra . . .
  
   ---
   Syaku Tyoku
   ---
  
   ***
   Boʻm - boʻsh yoʻl .
   quyiladi atrofga jimlik.
   Qichishadi burun katagim
   yoqilgan gulxanning achchiq dudidan.
   Choy qaynatmoqdaman . . .
  
   ***
   Qalbda xotirjamlik.
   Bahor boʻronidan soʻng
   hamma narsa tinchlandi, mana.
   Yeshitila boshladi koʻchada yana
   yogʻoch kovushlarning toʻqillashlari . . .
  
   ***
   Bulutlardan sizib oʻtayotgan
   oyning xira yogʻdusida
   toshayotgan daryo kechuvidagi
   sholipoyalar aro
   boʻqoq tortgan sholilar xidi . . .
  
   ***
   Togʻdagi qishloq
   qor bosgan daraxtlar .
   oppoq osuda jimlik.
   Odam ham, it ham koʻrinmas
   qargʻalar yuribdi kulbam oldida.
  
   ***
   Mana , yana qaytib keldim men,
   tomida oy porlab turgan oʻsha
   togʻdagi pastakkina kulbamga.
   Oshxonada yangrar qadrdon qoʻshiq .
   bu mening hamxonam - yolgʻiz chirildoq . . .
  
   ---
   Xaykular
   ---
  
   * * *
   Baland qoyadagi daraxtga yana
   ilinib qolibdi
   mening varragim . . .
  
   -----
   Xaykular
   -----
  
   ---
   Yosa BUSON .
   ---
  
   * * *
   Bahor seli.
   Okeanga quyilmoqda
   boʻtana suvlar . . .
  
   ***
  
   Oʻtaverar shoshib bahor kunlari,
   Bir -birini kuvlab, oldinma - keyin.
   Men esa, oʻtmishda yashayman hamon.
  
   ***
   Quyosh ham ohista botmoqda ufqqa.
   Kitlar koʻrinmadi bugun negadir.
   Qoraymoqda dengiz yuzasi.
  
   ***
  
   Ogʻir, ulkan qoʻngʻiroq chetiga
   Qoʻnib turar omonat
   Yengil kapalak.
  
   ***
  
   Tungi pashshaxonaga qamalgan,
   Yonarqurtlar uchdi zulmatda.
   Quvonchlarga toʻldi yuragim!
  
   ***
  
   Oy porlagan kecha koʻzi ojiz odam,
   Tasodifan menga turtinib ketib,
   Kulib yubordi.
  
   ***
  
   Oy tikkaga kelgan mahal.
   Kimsasiz koʻchada yuribman daydib,
   Yolgʻiz bir oʻzim.
  
   ***
  
   Tol novdalari bargsiz,
   Ariq suvi tiniq va sayoz,
   Toshlar yalangʻoch.
  
   ***
  
   Kuzgi soʻlgʻin oʻtloq.
   Ehhe, qancha qoʻytikon yopishibdi,
   Otning dumiga!
  
   ***
  
   Sovuq ayoz, qorongʻu kecha.
   Zulmatda turtinib xotinimning,
   Tarogʻini bosib, sindirdim yana.
  
   ***
   Bir maromda shigʻillar arra.
   O, qashshoqlik, o, kambagʻallik!
   Qaxraton qish, qor bosgan dala.
  
   ***
   Porlar dala uzra shu'laafshon oy.
   Men unga termulgancha, unutdim,
   Qandaydir shoirona iztiroblarni...
  
   * * *
   Oyning birinchi kuni , mening ushoqdek
   varragim boshqa varraklar bilan
   qoʻshilib likillar Yedo* ustida . . .
   ---
   * Yedo- Tokioning eski nomi.
   Kobayasi ISSA .
  
   * * *
   Sel toshqini.
   Oh, qanchalar toʻlib oqmoqda
   qal'a atrofidagi zovurlar !
   ----
   Masaoka SIKI .
  
   * * *
   Suv toshqini.
   Mushuk tushib ketdi oqimga
   Sakrab oʻtolmadi bechora .
   ----
   XORO
  
   * * *
   Bahor shamoli.
   Yutoqib - yutoqib suv ichar sichqon
   Sumida daryosidan . . .
   ----
   Kobayasi ISSA .
  
   * * *
   Ajoyib varrak koʻtarildi
   kambagʻalning tomi ustidan
   koʻm - koʻk osmonga . . .
   ----
   Kobayasi ISSA .
  
   * * *
   Qayiq ustida varaqlari
   tosh bilan bostirilgan kitob.
   Bahor shamollari esar . . .
   ---
   KITO.
  
   ***
   Kapalaklar uchib yuribdi
   U yoqdan buyoqqa xorgʻin,
   Oʻtgan bahorni izlab.
  
   Gomey.
  
   ***
   Kuzgi toʻlin oy.
   O, mumkin boʻlsaydi qayta tugʻilmoq,
   Men togʻda qaragʻay boʻlardim albat!
  
   Ryota.
  
   ***
   Oppoq lotos gulin
   Kesib oldim oʻroq bilan
   Yugirik toʻlqinlar aro.
  
   Idzen.
  
   ***
   Bir kechada pechakgul,
   Chirmashibdi quduq chelagiga.
   Endi qoʻshnilardan olaman suvni.
  
   Tiyo.
  
   ****
   Xovuz uzra qizil ninachi
   Tutyapti, tutyapti, tutyapti hamon
   Suvdagi oʻz aksini.
  
   Tiyo.
  
   ***
   Oy toʻlgan kecha.
   Qushlar ham hatto
   Inlarini berkitmay uxlar.
  
   Tiyo.
  
   ***
   O, porloq oy!
   Men sen tomon yuraman, sen esa,
   Badtar olislaysan.
  
   Tiyo.
  
   ***
   Vannadagi suvni
   Qayga toʻkishimni bilmayman.
   Hamma yoqda chirildoq.
  
   Onisura.
  
   ***
   Sovuq qish kechasi
   Xuvillagan daladagi qoʻriqchi
   Qargʻalarga qoʻnalgʻa boʻldi.
  
   Kikaku.
  
   ***
   Quyosh botayotir ufqlar bagʻriga.
   Kimsasiz jim -jit koʻchada yolgʻiz,
   Uchib yurar daydi kapalak.
  
   Kikaku.
  
   ***
   Ogʻir tavaqali dorvoza
   Tambalangan allaqachonlar.
   Oy porlaydi ayozli tunda.
  
   Kikaku.
  
   ***
   Yel kabi tez uchadi yillar,
   Oʻn yil oʻtibdiya darrov oradan.
   Kechagina qabrga qoʻygandik uni!
  
   Kikaku.
  
   * * *
   Bahor shamoli .
   Turnalar oqarib xurpayar ,
   qaragʻaylar orasida . . .
   ----
   RAYDZON .
  
   * * *
   Xuddi odamlarday daydib yuribdi
   kaptarlar , chumchuqlar
   baliq ovi mavsumida .
   ----
   Kobayasi ISSA .
  
   * * *
   Baliq ovi mavsumida
   qisqichbaqa ishonqiramay
   oʻlchab yurar qumda oyoq izlarin . . .
   ---
   ROFU
  
   * * *
   Sholi ekish mavsumi.
   Ox qancha qaygʻu, qancha tashvishlar
   quyilgan - a bu qoʻshiqlarga !
   ---
   Kobayasi ISSA .
  
   * * *
   Dexqon uxlar togʻ etagida,
   ketmonchaga boshini qoʻyib.
   Toʻrgʻay sayramoqda havoda.
   ----
   Kobayasi ISSA
  
   * * *
   Sholipoya chopgani chiqdim .
   Qush ham sayrab qoʻymas aqalli
   togʻ yonbagʻrida . . .
   ---
   Yosa BUSON .
  
   * * *
   Men bu yerni agʻdargunimcha
   ketib qopti dala osmonida
   suzib yurgan bir parcha bulut . . .
   ---
   Yosa BUSON
  
   * * *
   Oqshom tutunlari.
   Nogʻoralar zirillar gulxan tomonda.
   Chalinadi quloqqa qoʻshiq . . .
   ---
   RYOTA .
  
   * * *
   Kun uzoq choʻzilar.
   Koʻprikka qoʻnganicha turar tustovuq.
   Ketmaydi uchib . . .
   ---
   Yosa BUSON .
  
   * * *
   Kun uzundan uzoq.
   Olisdan elas elas eshitiladi ,
   objuvozning xorgʻin gʻijiri . . .
   ---
   YAXA .
  
   * * *
   Uzoqda uchmoqda bir gala oʻrdak.
   Men ketmonchamni chayqayman.
   Gʻaq etadi nimadir suvda . . .
   ---
   Yosa BUSON .
  
   * * *
   Oʻtloq uzra tutun choʻzilgan.
   Vaysashmoqda bir narsalar deb
   ikkita biya . . .
   ----
   Kobayasi ISSA .
  
   * * *
   Yeh sen bulbul!
   Olxoʻri gullariga
   Oyoqlaring loyin artayapsanmi?!
  
   ----
   Kobayasi ISSA .
  
   * * *
   Bulbul sayrayapti,
   har zamonda tashlab qahrli nazar
   mening kulbamga . . .
   ---
   Kobayasi ISSA .
  
   * * *
   Dexqon ishlayotgan
   orol ustida ham
   toʻrgʻay qoʻshigʻi . . .
   ----
   Kobayasi ISSA .
  
   * * *
   Yashil javdarizor.
   Toʻrgʻay koʻtarildi dala ustiga
   soʻng yana pastladi . . .
   ---
   ONISURA .
  
   * * *
   Narsalarni yoruqqa qoʻyib,
   kuzataman soyalar tugʻilishini
   kuzgi choshgoxda . . .
   ---
   KYOSI .
  
   * * *
   Tong yorishar.
   Qoʻngʻiroqlar ovozi
   tumanlarga belanar.
   ---
   Masuo BASYO .
  
   * * *
   Kuz kechasi.
   Oʻraladi noʻnoq yoʻlovchi
   yupqa koʻylakka . . .
   ----
   Kobayasi ISSA .
  
   * * *
   Taralmoqda o - o - o - ou !
   Mungli chorlov aks - sadosi.
   Tun qoʻynida daydiydi bugʻu . . .
   ---
   Masuo BASYO .
  
   * * *
   Kuzgi togʻda ibodatxona.
   Ayvonda turgancha tingladim mayus
   bugʻu chorlovin. . .
   ---
   Kobayasi ISSA .
  
   * * *
   Bugʻu ovozi
   olisga jaranglab singadi
   ma'yus va ma'yus.
   ---
   Masuo BASYO .
  
   * * *
   Tungi sovuq.
   Menga juldur toʻnin qarzga berarmi
   daladaga yolgʻiz qoʻriqchi? . .
   ---
   Masuo BASYO .
  
   * * *
   Izgʻirin.
   Uzoqda xurpaygan turnani
   koʻrayapman men . . .
   ----
   Yosa BUSON .
  
   * * *
   Poʻsht - poʻsht , chirildoq,
   hozir yonboshimga agʻdarilaman.
   Qani, joʻnab qolchi bu yerdan !
   ---
   Kobayasi ISSA .
  
   * * *
   Oʻchoq boshidagi kovakka
   chirildoq kirib olgan.
   Tungi sovuq . . .
   ---
   Yosa BUSON .
  
   * * *
   Kuz kelmoqda.
   Bu haqda xabar olib ,
   uchib keldi qizil ninachi .
   --
   SIRAO .
  
   * * *
   Zogʻcha tutib oldim.
   Uning koʻzlariga qarab bildimki,
   kuz kelayotir .
   ---
   DAKOSU .
  
   * * *
   Ilgaklangan eshik.
   Hovli sahnasida
   oʻynar xazonrez . . .
   ---
   TEYGA .
  
   * * *
   Akillaydi bezovta koʻppak,
   ajratib qurigan xazon shitirin.
   Xovlida boʻron . . .
   ---
   Sisey - DZYO .
  
   * * *
   Oppoq xrizantema.
   Mana qarshisida toʻxtab qaychi ham
   qotib qoldi bir daqiqaga .
   ---
   Yosa BUSON .
  
   * * *
   Yangi bogʻ yaratdim.
   Nihoyat undagi toshlar namlandi.
   Birinchi qish yomgʻiri . . .
   ---
   SYADO .
  
   * * *
   Birinchi qish yomgʻiri.
   Maymun ham qarshilik qilmaydi
   kiydirsang chopon.
   ---
   Masuo BASYO .
  
   * * *
   Qanday qaysar odam !
   Baliq tutar qish yomgʻirida
   qosh qoraygan chogʻ . . .
   ---
   Yosa BUSON .
  
   * * *
   Men shamolga qarshi yurayapman.
   Soyabonim ortga tortadi
   qishki yomgʻirlar vaqti . . .
   ---
   Sisey - DZYO
  
   * * *
   Dexqon keng dalada
   menga yoʻl koʻrsatdi
   yulingan sholgʻom bilan . . .
   ---
   Kobayasi ISSA .
  
   * * *
   Tovuqlar katakda uxlashayotir.
   Qor esa yanada qalinroq
   qoplayotir dalalar ustin.
   ----
   Kobayasi ISSA
  
   * * *
   Shamol qalpogʻini uchirib,
   savalaydi sellar beayov.
   Qoʻriqchi dalada . . .
   ----
   XAGI - DZYO .
  
   * * *
   Oydin kecha.
   Naqadar ayanchli , naqadar baxtsiz
   daladagi qoʻriqchi ! . .
   ----
   Masaoka SIKI.
  
   * * *
   Daladagi qoʻriqchi
   hatto Xizr boʻlib kelganingda ham
   boshdan olmas yevroqalpogʻin.
   --
   DANSUY
  
   * * *
   Hoy, hovlida yana ne shovqin?!
   Bu qoʻriqchi, kuchli shamolda
   yerga qulab tushdi gursillab.
   --
   BONTYO .
  
   * * *
   Gʻoz, yovvoyi gʻoz,
   ayt necha yil uchding sarosar
   oʻrmonlar ortiga, dengiz ortiga?. .
   --
   Kobayasi ISSA.
  
   * * *
   Yovvoyi gʻozlarning galasi
   gʻogʻolab pastladi yaydoq dalaga .
   Kuchaymoqda tungi sovuqlar . . .
   --
   KYOROKU.
  
   * * *
   Qizilishton taqillatmoqda.
   Kun botsa ham hamon tinmaydi
   hamon oʻsha eski joyida . . .
   ---
   Kobayasi ISSA.
  
   * * *
   Oʻchoq boshidagi kovakda
   kuylar tamom oʻzin unutib
   tanish chirildoq . . .
   --
   Masuo BASYO.
  
   * * *
   Teshik soyabon -
   qishlov uchun qoʻl keldi juda
   koʻrshapalaklarga . . .
   --
   Yosa BUSON.
  
   * * *
   Sovuq tun.
   Jigʻimga tegish uchun qoʻshnilar atay
   qozon taqirlatayotirmi?
   --
   Yosa BUSON.
  
   * * *
   Sichqon chiqib borar
   koʻrpam yonidagi jinchiroq sari.
   Yogʻ ham muzlabdi . . .
   --
   Yosa BUSON.
  
  
  
  

 Ваша оценка:

Связаться с программистом сайта.

Новые книги авторов СИ, вышедшие из печати:
О.Болдырева "Крадуш. Чужие души" М.Николаев "Вторжение на Землю"

Как попасть в этoт список

Кожевенное мастерство | Сайт "Художники" | Доска об'явлений "Книги"